Olovda toblangan, po‘latdek mustahkam sanoat majmualari xalq farovonligiga xizmat qiladi
Mustaqillikning 35 yilligi
O‘tgan asrda Germaniya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda metallurgiya gigantlari shakllandi. O‘sha davrda buning ortidan ushbu mamlakatlar sanoatda haqiqiy sakrash amalga oshirilgan.
Buning sababi juda oddiy edi. Sifatli va arzon metall iqtisodiyotning tayanchi, har qanday zamonaviy infratuzilmaning poydevori sanaladi. Demak, dunyo sanoati tarixida bir korxona butun boshli davlatning iqtisodiy va texnologik qiyofasini tubdan o‘zgartirib yuborgan holatlar ham bor.
Keyingi yillarda O‘zbekiston ham aynan ana shunday ulkan va strategik texnologik yo‘ldan shiddat bilan odimlamoqda. Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bekobod shahriga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston metallurgiya kombinatida barpo etilgan yangi Quyuv-prokatlash majmuasining ishga tushirilishi mamlakatimiz sanoat tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan voqea bo‘ldi. Buni yurtimiz sanoat xaritasida iqtisodiy qudratimizni yangi bosqichga olib chiqadigan yana bir gigant inshoot qad rostladi deyish mumkin.
Iqtisodiyotni raqamlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Agar raqamlarga nazar tashlasak, keyingi yillarda mamlakatimiz kon-metallurgiya sohasini modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilgan choralar ko‘lami naqadar kengligini ko‘ramiz.

O‘tgan o‘n yilda sohaga qariyb 2 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilgan. Natijada 31 ta yirik ishlab chiqarish quvvati foydalanishga topshirildi. Xususiy sektorga keng yo‘l ochilishi evaziga tarmoqdagi korxonalar soni 150 tadan oshdi. Mahalliy metall mahsulotlari ishlab chiqarishning yillik hajmi 3 million tonnaga yetdi. Taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, 2016-yilda bor-yo‘g‘i 800 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilgan edi, xolos.
Davlat bunday loyihalar orqali, eng avvalo, importga qaramlikdan xalos bo‘ladi. Shuningdek, milliy valyutaning chetga oqib ketishini to‘xtatadi. Ayni paytda yurtimizga chet eldan yiliga 1,5 million tonna list prokat mahsulotlari import qilinadi. Bekoboddagi yangi majmuaning to‘liq quvvat bilan ishlashi natijasida mahalliy ishlab chiqarish hisobiga bu import hajmi naq 840 ming tonnaga qisqaradi. Majmuaning o‘zi yiliga 8 trillion so‘mlik 1 million tonna issiq prokatlangan po‘lat list ishlab chiqarish imkoniga ega. Bu Toshkent va Samarqand metallurgiya zavodlarining prokat listlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplaydi.
Eng muhimi, kombinatning umumiy ishlab chiqarish quvvati ikki baravarga oshib, 1 million tonnadan 2 million tonnaga yetkaziladi va korxona hamda mamlakat tarixida ilk bor ichki ehtiyojdan ortgan yuqori sifatli tayyor mahsulot xorij bozorlariga eksport qilinadi.
Bu texnologik natijaning yana bir strategik tomoni bor. Ilgari asosan qurilish sohasi uchun metall yetkazib berilgan bo‘lsa, bugungi kunda mashinasozlik, elektrotexnika, mudofaa sanoati va energetika kabi tez rivojlanayotgan yo‘nalishlar uchun 80 turdagi yangi mahsulot tayyorlanmoqda. Bekobodda ishlab chiqariladigan o‘ramli metallar oddiy qurilish armaturasi emas. U avtomobilsozlik, vagonsozlik hamda atom elektr stansiyalari kabi o‘ta murakkab va mas’uliyatli sohalar uchun asosiy xomashyo poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Kelgusi besh yilda keng ko‘lamli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va 800 ming xonadonli uy-joylar qurish rejalashtirilgan. Bunday ulkan rejalar metallga bo‘lgan talabni bir yarim baravarga oshirishi tayin. Bekoboddagi yangi majmua esa ana shu kelajak talabiga berilgan munosib va o‘z vaqtidagi javobdir.
O‘zbekiston og‘ir sanatidagi ushbu tarixiy natija xalqaro darajada ham e’tirof etilmoqda.

– Italiya, Xitoy, Tailand, Hindiston kabi mamlakatlarda yirik ishlab chiqarish liniyalarimiz, dunyoning ko‘plab davlatlarida esa vakolatxonalarimiz bor, – deydi texnologik hamkor, Italiyaning “Danieli Group” kompaniyasi vitse-prezidenti Renato Petssano. – Bizning kompaniyamizda ayni paytda 9,5 ming nafar xodim ishlaydi. Biz bir necha yildan buyon yurtingizda faoliyat yuritamiz va bu zaminda erishilgan natijalarimizdan faxrlanamiz. O‘tgan davrda O‘zbekiston po‘lat yassi prokat import qiluvchi davlatdan eksport qiluvchi davlatga aylandi. Biz bu jarayonda muhim loyihani amalga oshirishda ishtirok etdik. Bu esa sanoatni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va mamlakatning tashqi savdo balansini mustahkamlashga hissa qo‘shadi. Ushbu majmuaning tantanali ishga tushirilish marosimida shaxsan davlat rahbarining ishtirok etganini bu sohaga yuksak e’tiborning namunasi deysh mumkin. Mamlakatingizda yaratilgan sog‘lom tadbirkorlik muhiti, investorlarga yaratilgan sharoitlar bu kabi yirik sanoat majmualari ko‘payishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Bu loyihaning ro‘yobga chiqishi va keltirilayotgan raqamlar oddiy xalqqa hamda oilalarga ham katta foyda keltiradi.
Avvalo, bu muqim va yuqori daromadli ish o‘rinlari degani. Bugungi kunda kombinatda 5,5 ming nafardan ziyod ahil mehnat jamoasi ishlamoqda. Yangi majmuaning ishga tushishi ortidan yana 1 ming 200 nafar mutaxassis yangi ish o‘rniga ega bo‘ladi. Bu shuncha oilaning daromadi oshishi, ro‘zg‘origa baraka kirishi, farzandlari kelajagi ta’minlanishi deganidir.
Bundan tashqari, kombinat hududida “O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki” tashkil etilmoqda. Joriy yilning o‘zida bu yerda katta diametrli quvurlar, ko‘tarma kranlar va filtrlash uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha 70 million dollarlik 6 ta loyiha boshlanadi. Bu esa yana 660 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilishini anglatadi. Sanoat rivojlansa, mahalliy resurslarimizdan unumli foydalaniladi.

Yurtimizda 1,5 milliard tonna temir rudasi zaxirasi bor va kelajakda po‘lat sharlar ishlab chiqarish modernizatsiya qilinib, quvvati 500 ming tonnaga yetkaziladi. Bularning barchasi iqtisodiyotning barqarorligini, pirovardida esa narx-navo va hayot darajasining me’yorda bo‘lishini ta’minlaydi.
– Ish jarayonida kishini hayratga soladigan bir jihat bor, – deydi kombinat quyuv-prokatlash majmuasi bo‘lim boshlig‘i Erkinjon Mamatqulov. – Bu yangi majmuadagi aql va ilm-fanning natijasidir. An’anaviy usulda suyuq po‘lat dastlab maxsus uskunalarda quyilib, sovitilar va so‘ng og‘ir mehnat hamda ulkan energiya evaziga qaytadan qizdirilib, prokatlashga yuborilardi. Bu juda ko‘p vaqt, yoqilg‘i va kuch talab qilar edi. Yangi bo‘linma esa ushbu uzoq va murakkab jarayonni yaxlit bir zanjirga birlashtirdi. Bu yerda kimyoviy tarkibi milligramgacha aniq sozlangan olovli suyuq po‘lat hech qanday to‘xtalishlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘rtburchak kesimli yarimtayyor mahsulotga aylantiriladi.
Tasavvur qiling, uzunligi 50 metrgacha, kengligi 1300 millimetrgacha va og‘irligi naq 30 tonna bo‘lgan bahaybat po‘lat bo‘lagining qalinligi bor-yo‘g‘i 40–60 millimetrni tashkil etadi. U hech qanday oraliq sovitishlarsiz, o‘zining olovli tafti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri prokatlash liniyasiga o‘tib ketadi. Murakkabligi shundaki, kristallizator ichidagi ming darajadan yuqori haroratdagi suyuq po‘lat sathini oddiy asbob bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Shu bois bu yerda jahon fanining eng ilg‘or yutug‘i sanalgan Cobalt-60 radioaktiv moddasi yordamida ishlaydigan o‘ta sezgir kosmik nazorat avtomatikasi qo‘llanilgan.

Mahobatli ko‘tarib-buruvchi stendlar, oraliq cho‘michlar, yuqori chastotali tebratish mexanizmlari, 200 va 75 tonnalik gigant ko‘prikli kranlar, kuchli sovutish va gidravlika tizimlari raqamlashtirilgan avtomatika orqali yagona mukammal organizm kabi ishlaydi.
Ushbu noyob va murakkab muhandislik inshootining qad rostlashi bilan O‘zbekiston Metallurgiya kombinati Markaziy Osiyoda o‘z yo‘nalishida yagona uzluksiz prokat ishlab chiqaruvchi korxonaga aylandi. Dunyoda esa ixcham tasmali prokatlash standarti bo‘yicha kuchli uchlikdan joy oldi.
Mustaqillik nima, degan savolga bugun mana shunday muhtasham zavodlar, olov ichida toblanayotgan po‘lat tasmalar va o‘z kasbidan faxrlanib, ishlayotganlarning nigohlari javob beradi.
Istiqlolning 35 yillik to‘yi ostonasida ishga tushirilgan bunday sanoat gigantlari mamlakatimizning iqtisodiy mustaqilligini yanada mustahkamlab, xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligi va taraqqiyotiga o‘n yillar davomida xizmat qilaveradi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi