Olot tumanida soliqchilar maktab qurdi
Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Asajam” qishlog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 13 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lari hisobiga 330 o‘rinli umumta’lim maktabi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Olot tumani “Asajam” qishlog‘ida umumta’lim maktabi yo‘q edi. Bu yerlik 4-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar juda abgor holatdagi maktabda, 5-sinf va undan yuqori sinf o‘quvchilari 5 kilometr uzoqlikda joylashgan umumta’lim maktabiga qatnab o‘qishardi.

– Aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova. – “Asajam” qishlog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi mablag‘lari hisobiga yangi maktab qurib berilgani ham ana shu ishlarning amaldagi ifodasidir. To‘g‘risini aytish kerak, bunday maktablarni qishloqda yashayotgan aholi orzu qilardi. Umid qilamizki, kelgusida ushbu maktab yurtimiz taraqqiyoti uchun yangi avlod kadrlarini yetishtirishda muhim poydevor bo‘ladi.

Negaki, ana shunday ta’lim dargohlari ma’nan yetuk va intellektual jihatdan barkamol avlodni shakllantirishga xizmat qiladi. Asosiysi, ushbu hududda yashovchi o‘quvchilar o‘zlarining mahallasida qad rostlayotgan yangi maktabda o‘qiydi.
Loyihaga asosan qad rostlagan 3 qavatli, 330 o‘rinli zamonaviy bilim dargohida o‘quvchilarning bekamu ko‘st bilim olishlari uchun barcha sharoit yaratilgan.

Mazkur o‘quv binosi A va B bloklarga bo‘lingan. A blokda boshlang‘ich ta’lim sinf xonalari hamda fizika, kimyo, biologiya laboratoriya xonalari, kutubxona, o‘qituvchilar xonasi, yuvinish va ichki hojatxonalar joylashgan. B blokning 1-qavatida oshxona va mehnat darslari ustaxonalari, 2-qavatda esa 24x15 o‘lchamdagi zamonaviy tipdagi sport zal hamda ma’naviyat va ma’rifat xonalari bor. Bundan tashqari, maktab hovlisida o‘quvchilar uchun zamonaviy tipdagi usti ochiq sport maydonchasi ham tashkil qilingan.
Maktabning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mirziyod Mahkamov ishtirok etdi.
Zarif Komilov, O‘zA