O‘lmas Umarbekov: “Tanlangan asarlar”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, atoqli yozuvchi O‘lmas Umarbekovning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashr etilgan “Tanlangan asarlar” nomli kitobi benazir adib ko‘ngil xazinasining eng noyob ganjinalarini o‘zida jam qilgani bilan e’tiborli.
O‘lmas Umarbekov asarlari orqali o‘zbek xarakteri – milliy mentalitetidagi butun jahon ibrat olsa arzigulik qirralarini g‘oyat mohirlik bilan ochib bera olgan adib sifatida adabiyotimizda o‘z o‘rniga ega ijodkor.
Yozuvchi ma’naviy merosining yana bir o‘ziga xos ahamiyati shundaki, garchi adibning qisqa umri adabiyotimizning sho‘rolar mafkurasi qolipi davrida kechgan bo‘lsa-da, u mohirlik bilan inson umrining ma’sum orzularga omuxta yoshlik davri, undagi beg‘ubor muhabbat, meh-oqibatni tarannum etish orqali mavjud tuzum, mafkura iskanjasidan tashqariga chiqa olgan.
Shuning uchun uning qahramonlari bugun ham biz uchun begona emas – tanish, dilga yaqin.
Kitobdan adibning o‘z davrida o‘quvchilar mehrini qozongan “Odam bo‘lish qiyin”, “Fotima va Zuhro” romanlari, “Sevgim-sevgilim”, “Yoz yomg‘iri” qissalari, shuningdek, “Hayot qo‘shig‘i, “Ko‘k daftarning siri”, “Kuz havosi”, “Sovg‘a”, “Gul sotuvchi qiz”, “Qiyomat qarz” kabi o‘ndan ziyod sara hikoyalari joy olgan.
“Men ham yoshligimda ko‘p narsalarga qiziqqanman, – deb hikoya qilgan edi yozuvchi. – Uchuvchilikni orzu qilgan edim, bog‘bon ham bo‘lmoqchi bo‘lganman. Ammo adabiyot hamma orzularimdan kuchlilik qildi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘rta maktabni tugatganimda, hech ikkilanmasdan, Toshkent dorilfununining filologiya fakultetiga kirdim.
Nazarimda, adashmagan ekanman. Endi bo‘lsa, adabiyotsiz, badiiy ijodsiz hayotimni tasavvur qilolmayman”.
Darhaqiqat, O‘lmas Umarbekov qariyb qirq yil adabiyot otlig‘ qozonda qaynadi – tinimsiz izlandi, ijod qildi va o‘zidan arzirli va salmoqli meros qoldirdi.
Qator romanlar, qissa va hikoyalar, “Qiyomat qarz”, “Shoshma, quyosh”, “Oqar suv”, “Sud”, “Komissiya”, “Kuzning birinchi kuni”, “Arizasiga ko‘ra”, “Kurort”, “Yer yonganda” kabi dramatik asarlar yaratdi. “Ikki soldat haqida qissa”, “O‘zgalarni deb”, “Qalin qorlar bag‘ridagi uchrashuv” kabi kinossenariylar yozdi.
Adib asarlarini o‘qir ekansiz, adabiyot davrlar va dillarni bir-biriga payvand eta oladigan katta kuch ekanligiga amin bo‘lasiz.
O‘lmas Umarbekovning “Tanlangan asarlar” kitobini, albatta, o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA