O‘lmas san’at ustasi
Yurtimiz qadimdan o‘zining boy madaniy merosi, boqiy an’analari, xalq amaliy san’ati bilan jahonga mashhur. Ayniqsa, yog‘och o‘ymakorligi san’ati milliy madaniyatimizning muhim qismi sifatida avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Ana shunday fidoyi ustalardan biri — Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Mesit mahallasida yashovchi yog‘och o‘ymakor usta Zubaydullo Sattorovdir.
U 30 yildan buyon ushbu noyob san’at turi bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bu yillar davomida usta nafaqat hunar sirlarini mukammal egalladi, balki o‘z ijodida milliy ruh, an’ana va zamonaviylik uyg‘unligini namoyon eta oldi. Uning qo‘lidan chiqqan har bir asarda nafaqat mehnat, balki yurak harorati, sabr va nozik did mujassam.
-Yog‘och o‘ymakorligi bu oddiy kasb emas, balki sabr-toqat, aniqlik va chuqur tafakkur talab etadigan san’atdir, –deydi Zubaydullo Sattorov. –Har bir naqsh ortida ma’no bor. Jumladan, islimiy naqshlar — hayot davomiyligini, girih naqshlar — tartib va uyg‘unlikni anglatadi. Shu bois u har bir buyumga oddiy mahsulot sifatida emas, balki ma’naviy qiymatga ega asar sifatida yondashadi.

Yog‘och o‘ymakorligi hunari ustadan bir qancha sohalarni mukammal o‘rganishni talab etadi. Yog‘och o‘ymakorligida biror buyum tayyor holga kelgunicha yog‘och bir nechta murakkab bosqichlardan o‘tadi.
Ushbu san’atda qayrag‘och, archa, yong‘oq, tut, o‘rik, chinor, tol, terak daraxtlari yog‘ochidan ko‘proq foydalaniladi. Chunki ularning tarkibida smola (qatron) ko‘p bo‘lib, tezda chirimaydi, taxtasi to‘g‘ri va uzun, silliq bo‘lib, ishlov berish oson. Ayniqsa, yong‘oqdan yasalgan jihozlar suvga, turli ob-havoga chidamliligi sababli uzoq yillar xizmat qiladi. Odatda tajribali ustalar ishlov berish uchun kungay joyda o‘sgan va kam butoqli daraxtni tanlashadi. Butog‘i(ko‘zi) katta yog‘ochlardan tayyorlangan buyumlar yillar o‘tib yorilib ketishi mumkin.
Yurtimizda yog‘och o‘ymakorligining o‘ziga xos yo‘nalishlari mavjud. Masalan, xivalik hunarmandlar yasagan buyumlarda yog‘ochning tabiiy rangi saqlab qolinadi. Yuzasi va zamini lok va zig‘ir yog‘i bilan bo‘yaladi. Buxoro o‘ymakorligi esa jimjima naqshlari, zaminida ranglardan foydalanishi bilan ajralib turadi. Qo‘qonlik ustalar naqshni bo‘rtmali, pargori uslubida solishadi. Binolarni bezashda xususan, eshik va ustunlarga yirik, chuqur naqsh o‘yishadi. Ustalar o‘yilgan relefning yuziga to‘qroq rang berib, keyin loklaydi.

Usta Zubaydullo Sattorovning ijodida eshiklar, ustunlar, sandiqlar, mebel detallari va suvenirlar alohida o‘rin tutadi. Har bir ishda milliylik va nafislik uyg‘unlashib, tomoshabinni o‘ziga rom etadi.
Usta yillar davomida hunari ortidan ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan. U 2005-yilda o‘tkazilgan “Tashabbus” tanlovida ishtirok etgani uning mehnati e’tirof etilganidan dalolat. Ushbu tanlov mamlakatimizda tadbirkorlik va hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim loyihalardan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, ustaning ijod namunalari “O‘zbekiston hunarmandchiligi durdonalari” kitobida chop etilgani uning san’atdagi o‘rni va salohiyatini yana bir bor tasdiqlaydi. Mazkur nashr O‘zbekiston hunarmandchiligining eng sara namunalari jamlangan muhim manbalardan biri sanaladi.

Bugungi kunda usta o‘z bilim va tajribasini yosh avlodga o‘rgatib kelmoqda. Chunki hunar — bu meros. Agar u o‘rgatilmasa, yo‘qolib ketishi mumkin. Shu bois Zubaydullo Sattorov nafaqat ijod qiladi, balki shogirdlar tayyorlab, milliy san’atimizning davomiyligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda.
Zubaydullo Sattorov kabi ustalar bor ekan, milliy hunarmandchiligimiz yashaydi, rivojlanadi va dunyoga taniladi. Ularning mehnati — bu nafaqat san’at, balki tarix, madaniyat va milliy o‘zlikning yorqin ifodasi. Yog‘ochga jon bag‘ishlagan bunday ustalar yurtimiz faxri bo‘lib qolaveradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA