Oliy ta’lim sohasida Turkiya bilan hamkorlik kengaymoqda
Shu kunlarda Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar boshchiligidagi delegatsiya va nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
Ushbu rasmiy hamkorlik uchrashuvi munosabati bilan kengash a’zolari va nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlaridan iborat delegatsiya o‘zaro hamkorlik tajriba almashish uchun Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga tashrif buyurdi.
Amaliy uchrashuv davomida vakillar institut faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida dastlab «Formali kiyim-boshni loyihalashtirish bo‘yicha ilmiy laboratoriya»sida bo‘ldilar. Shu bilan birga charm buyumlari texnologiyasi, yigirish texnologiyasi va to‘qimachilik matolari texnologiyalari kafedralarining o‘quv laboratoriyasi, talabalar amaliyoti uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Eng so‘nggi rusumdagi uskunalar bilan jihozlangan ushbu laboratoriyalarda paxta va kimyoviy tolalarni qayta ishlashdan tortib, ip yigirishgacha bo‘lgan texnologik jarayonlarning uskunalarini ketma-ketligi, xususan, laboratoriyalarda magistratura talabalari, doktorantlar, ilmiy izlanuvchilar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishi uchun barcha sharoitlar mavjudligining guvohi bo‘ldilar.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi Koreya-O‘zbekiston to‘qimachilik o‘quv-amaliy Texnoparkining moddiy-texnik bazasi, ish jarayonlari bilan tanishish asnosida Turkiya-O‘zbekiston texnoparkini yaratish borasida takliflar bildirildi. Bunday zamonaviy texnopark sohalar bo‘yicha talabalarni nazariy bilimlarini o‘zlashtirishda hamda ularda ishlab chiqarish sharoitiga moslashtirilgan amaliy malaka va ko‘nikmalarni shakllantirishda asosiy omil bo‘lmoqda.
Shuningdek, Turkiya delegatsiyasi vakillari va yurtimizdagi professor-o‘qituvchilar o‘rtasida davra suhbati o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida institut rektori – Ilhom Sobirov tomonidan oliy o‘quv yurtining tarixi, faoliyati va istiqbolli rejalari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Aytish kerakki, institutda 30 dan ortiq davlatlar qatorida Turkiya davlatining ta’lim muassasalari bilan ham yaqindan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Egey universiteti, Sakarya amaliy fanlar universiteti va boshqalar shular sirasiga kiradi. Institut professor-o‘qituvchilari hamkasblari bilan tajriba almashish maqsadida Turkiya davlatiga muntazam ravishda boradilar.
Egey universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, ushbu universitet bilan "Erasmus+" dasturi loyihasi asosida hamkorlikda fan va ta’lim sohasida faoliyat yuritib kelinmoqda. Ushbu dasturning maqsadi charm-poyabzal sanoati yo‘nalishidagi ta’lim dasturlarini takomillashtirishdan iborat.
2021 yil 13 oktyab kuni institutda Turkiyadan kelgan professor-o‘qituvchilar ishtirokida "Erasmus+" dasturining yirik konferensiyasi tashkil etildi.
2017-2021 yillarda institutning 10 dan ortiq professor-o‘qituvchilari akademik almashinuv dasturlari doirasida Turkiya davlatida safarda bo‘lib qaytishdi.
Mazkur tashrif davomida o‘tkaziladigan barcha tadbirlar, har ikki mamlakatning oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, rivojlantirish va yuqori cho‘qqilarga erishishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA