Oliy ta’lim tizimi istiqbollari
Navoiyda “Oliy ta’lim tizimida ilmiy tadqiqotlarning zamonaviy uslublari” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Navoiyda “Oliy ta’lim tizimida ilmiy tadqiqotlarning zamonaviy uslublari” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, Navoiy davlat pedagogika instituti hamda Buxoro davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda bir qator xorijiy davlatlar va Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlaridagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Fanlar akademiyasi ilmiy xodimlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun yaratilayotgan sharoitlar, ayniqsa, xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan mustahkam hamkorlikning yo‘lga qo‘yilgani va chet tillarni puxta o‘qitishga alohida e’tibor qaratilayotgani yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda “Oliy ta’limni modernizatsiya qilish va zamonaviy kadrlar tayyorlash”, “Xalqaro ta’lim va madaniyatlararo integratsiyaning ayrim muammolari”, “Zamonaviy yetuk mutaxassislar shakllanishida innovatsion tafakkurning roli” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Jahon amaliyotida oliy ta’lim tizimida o‘qitish sifatini oshirish istiqbollari va boy tajribalarni yanada ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.