Oliy sud raisi bozor faoliyati bilan tanishdi
Har bir masalaning yechimi uning o‘zida. Shuning uchun ham mamlakatimizda rahbar va xalq muloqoti aniq shakllangan tizim asosida yo‘lga qo‘yilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan bunday tashabbus ko‘plab muammolarning tez va oson yechilishiga sabab bo‘lmoqda.
Ana shunday tashabbusning amaliy natijasi o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov Yakkasaroy tumanidagi “Askiya” dehqon bozorida bo‘lib, bozor faoliyati, savdo jarayonlari hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Tanishuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov hamda Yakkasaroy tuman mas’ullari bozor hududida tashkil etilgan situatsion-tahliliy markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur markaz savdo jarayonlarini tizimli nazorat qilish, narx-navoni monitoring qilish, xavfsizlikni ta’minlash hamda tezkor boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini beruvchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida faoliyat yuritmoqda.

Yakunda mas’ullar yashirin iqtisodiyot bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot berdi.
Sherbek Islomov,
O‘zA