Oliy sport ta’limiga qabul jarayonlari muhokama qilindi
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2026/2027-o‘quv yili uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlarni sifatli tashkil etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda yurtimiz sportchilarining Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari hamda xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishayotgani natijasida hayotga katta umid bilan kirib kelayotgan yoshlarda sportga qiziqish yildan yilga oshayotgani, iqtidorli sportchilarni saralash hamda ularni maqsadli tayyorlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlanib, universitetda qabul jarayonlarini adolatli va shaffof o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Universitet rektori Rashid Matkarimov 2026-yilgi qabul jarayonlariga oliy ta’lim muassasasida puxta tayyorgarlik ko‘rilgani, kasbiy (ijodiy) imtihonlarni adolatli va shaffof tarzda o‘tishi uchun amalga oshirilgan ishlar borasida yig‘ilganlarga axborot berib o‘tdi.

Ushbu jarayonning adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida tegishli sport federatsiyalaridan 34 nafar tajribali mutaxassis va murabbiylar, universitetdan 149 nafar professor-o‘qituvchilar hamda sport ta’limi muassasalaridan 55 nafar murabbiylar jalb etilgani, kasbiy imtihonlar jarayonida har bir abituriyentning iqtidori, jismoniy tayyorgarligi, texnik va taktik ko‘nikmalari xolis va aniq mezonlar asosida baholanishi qat’iy nazoratga olinishi bildirildi.
Imtihon natijalari yagona ERP sport platformasi orqali haqiqiy vaqt rejimida kiritilishi va har bir abituriyentning shaxsiy natijasi avtomatik ravishda baholanishi nazarda tutilgan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA