Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi Jizzaxda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining doimiy asosda ishlovchi senatori M.Salimova boshchiligidagi ishchi guruhi "Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosi bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.
Ishchi guruh a’zolari Sharof Rashidov, Zarbdor, Do‘stlik, Mirzacho‘l tumanlari hamda Jizzax shahridagi mavjud ta’lim muassasalarida bo‘lib, u yerda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish, umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini yaxshilash, oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, chet tillarni o‘qitish tizimini takomillashtirish masalalari o‘rganildi.
2017 yilda Jizzax viloyatda 172 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasalari, 1 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga 24 ming 265 nafar bola qamrab olingan bo‘lsa, joriy yil 30 sentyabr holatiga ko‘ra 79 ming 977 nafar bola qamrab olingan. 542 ta umuta’lim maktablarida esa 246,7 ming o‘quvchi tahsil olgan bo‘lib, 2017-2021 yillarda 9 ta yangi maktab barpo etilgan, 236 ta maktabda ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan, 29 ta sobiq kollej binolarida maktablar tashkil etilib, 12 ming 462 ta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratilgan.
[gallery-4313]
Viloyatda 2017 yilda 2 ta oliy ta’lim muassasasida 12 ming 437 nafar talaba ta’lim olgan bo‘lsa, 2021 yilda oliy ta’lim muassasalari soni 3 tani tashkil etib, jami ko‘rsatgich 27 ming 155 nafarni tashkil etishiga erishilgan.
O‘rganish davomida yangi tahrirda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga asosan fuqarolarning ta’lim olish huquqi ta’minlanganligi, ta’lim turlari yo‘lga qo‘yilganligi, shu jumladan, masofaviy ta’lim hamda dual ta’lim turlarining joriy etilishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, viloyatda chet tillarni o‘qitishni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati, xususan, chet tilini o‘qitish bo‘yicha mutaxassislar salohiyati, ularning B2, S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga egaligi, til ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratilganlik holati, zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, zamonaviy axborot texnologiyalari va adabiyotlar bilan ta’minlanganlik holati tahlil qilindi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha berilgan tavsiyalar asosida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mahalliy hokimiyat hamda boshqarma mas’ullariga tegishli ko‘rsatma berildi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA