Olis tumandagi marhum jurnalistlar yod etildi
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tashabbusi bilan Tomdi tumani hokimligi mas’ullari hamrohligida tumanda yashab, ijod qilgan marhum jurnalistlarning xonadonlariga tashrif buyurilib, ularning oila a’zolari holidan xabar olindi.
Tomdi tumani Navoiy viloyati markazidan qariyb 250 kilometr olisda joylashgan. bugungi kunda 15 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilayotgan tumanda ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy sohalarda qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari 2018 va 2021 yillarda mazkur tumanga tashrif buyurgani ham bejiz emas. Ilk bor, 2018 yilning 2 mart sanasida 12-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi faollar zalida hudud aholisi bilan samimiy muloqot tashkil etilgan bo‘lsa, keyingi tashrifda tuman hududida joylashgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatining texnogen chiqindilarni qayta ishlash korxonasi faoliyati bilan tanishildi.
Bu avvalo, mamlakatimizning hududi jihatdan eng yirik tuman — Tomdi yaqin yillar orasida yurtimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutishidan darak beradi.
Darhaqiqat, ushbu tumanning nafaqat iqtisodiyotda, balki ijtimoiy soha, xususan viloyat matbuotida o‘ziga xos nufuzi va o‘rni bor. Boisi tuman nashri - “Tomdi sharuageri” gazetasi viloyatning “otaxon nashrlari”dan biridir. 1938 yildan buyon chop etib kelinayotgan gazeta, ayniqsa, O‘zbekiston mustaqilligi yillarida yanada faol nashrga aylandi. O‘tgan davrda ushbu gazetada zabardast jurnalistlar Abubakr Shektibayev hamda “Do‘stlik” ordeni sohibi Shamil Abdusamatov kabi ijodkorlar yetishib chiqdi. Afsuski, ular bugun oramizda yo‘q.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tashabbusi bilan tuman hokimligi mas’ullari hamrohligida tumanda yashab, ijod qilgan marhum jurnalistlarning xonadonlariga tashrif buyurilib, ularning oila a’zolari holidan xabar olindi. 2000-2015 yillarda tuman gazetasida muharrir vazifasida ishlagan A.Shektibayev 6 nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Zabardast ijodkor 2016 yilda - 70 yoshida olamdan o‘tdi. U yashagan xonadon – “Yangi Tomdi” qo‘rg‘onida joylashgan manzilda bugungi kunda A.Shektibayevning kenja o‘g‘li Jarasqan istiqomat qilmoqda. Tashrif chog‘ida marhum jurnalist xotirasi yodga olinib, uning viloyat jurnalistikasiga qo‘shgan hissasiga yuksak baho berildi hamda oila a’zolariga oziq-ovqat mahsulotlari jamlangan “Saxovat qutisi” taqdim etildi.
Tumanning yana bir fidoyi jurnalisti – Shamil Abdusamatov 2015-2020 yillarda hudud nashriga bosh muharrirlik qilgan. Bu davrda ham “Tomdi sharuageri” gazetasi bir qator qiyinchiliklarga qaramay har hafta nashr etilib, obunachilar qo‘liga muntazam yetib bordi.
Shu kuni uyushma viloyat bo‘limi hamda tuman hokimligi mas’ullari hamkorligida Shamil Abdusamatovning oila a’zolari holidan ham xabar olinib, oziq-ovqat jamlanmasidan iborat moddiy ko‘mak taqdim qilindi.
– 2020 yil oilamiz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi, – deydi marhum jurnalistning turmush o‘rtog‘i Gulboni Quttimurotova. – Turmush o‘rtog‘im og‘ir xastalik tufayli vafot etgach, bir nafar farzandim bilan yolg‘iz qoldik. Maqsadim o‘g‘limni otasi kabi jurnalist qilib tarbiyalash. Avvalo, gazeta faoliyatiga befarq bo‘lmagan tuman hokimligiga rahmat. bugungi kunda ham mazkur nashr 1650 nusxada chop etilmoqda. Ayni paytda ushbu gazetada kur’er vazifasida ishlab kelayapman.
Xotira – muqaddas tuyg‘u. Bugun oramizda yo‘q kishilarni yodga olish avvalo, ularning oila a’zolari ko‘nglini tog‘dek yuksaltiradi. Har ikkala ijodkor xonadoniga tashrif buyurilar ekan, olis ovulda samarali xizmat qilgan marhum jurnalistlarning bosib o‘tgan ijod yo‘liga e’tibor qaratildi, faoliyati yodga olindi.
Uyushma viloyat bo‘limi tomonidan mazkur xayrli ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
[gallery-5835]
Ozod Mustafoyev,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi
Navoiy viloyati bo‘limi mutaxassisi.
Suratlar muallifi Siroj Aslonov.
O‘zA