Olis tumanda xizmat ko‘rsatish sifati oshmoqda
Navoiy viloyatining olis Uchquduq tumanida “Ishonch-Feruz” xususiy korxonasi tomonidan yangi mehmonxona qurilib, foydalanishga topshirildi.
Mazkur majmuaning umumiy loyiha qiymati 8 milliard so‘m bo‘lib, qurilish ishlari korxonaning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan. 37 o‘ringa mo‘ljallangan, 17 ta xonadan iborat mehmon uyi betakror me’moriy ko‘rinish, yaratilgan qo‘shimcha qulayliklar, avtoturargoh, oshxona va yuqori darajadagi servis xizmati bilan Uchquduq tumanidagi boshqa mehmonxonalardan alohida ajralib turadi. Bu yerda 10 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.


– Hozirda turizm sohasiga qaratilayotgan e’tibor, qolaversa, tadbirkorlarga yaratilgan keng imkoniyatlar tufayli o‘nlab yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqdamiz. Mehmonxona sohasi biz uchun yangi yo‘nalish, lekin mo‘’jaz Uchquduqqa turli hududlardan, hatto boshqa mamlakatlardan ko‘plab mehmonlarning tashrif buyurishini e’tiborga olib, shu sohaga qo‘l urdik, – deydi tadbirkor Husniddin Normurodov.


Bugungi kunda “Ishonch-Feruz” xususiy korxonasi qurilish, savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, chorvachilik singari o‘nlab yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi. Korxonada 50 dan ortiq doimiy, 100 dan ortiq mavsumiy ish o‘rni yaratilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri