Olis manzillarda elektr ta’minoti yaxshilanmoqda
Qaror va ijro
Prezidentimizning 2024 yil 23-sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joylarda elektr energiyasidan oqilona foydalanish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyati hududlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, aholiga qulaylik yaratish va kommunal sohalardagi muammolarni bartaraf etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Hozirda, Bo‘stonliq tumanida 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida rejadagi 213,3 kilometr havo tarmoqlari va 63 dona transformatorlar mukammal ta’mirlandi. Joylardagi 6 ta mahallada 23 kilometr 0,4 kilovatt quvvatdagi havo tarmoqlari 12 ta transformator punktida rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari bajarilmoqda.

Masalan, tuman markazidan olisroqda joylashgan “Yoshlik” MFY “Og‘ir hudud” toifasiga kiritilgan bo‘lib, hozirda 5 ming nafardan ortiq fuqaro yashaydi. Hudud faoli Bahriddin Uratovning aytishicha, yangi uylar qurilib, aholi soni oshgani sari mahallada elektr ta’minotiga bo‘lgan talab oshdi. Mavjud transformatorlar eskirgani, aholi qo‘lbola usulda simyog‘och qilib, xonadoniga elektr tarmog‘ini tortgani kabi holatlar bo‘lgan.

– Sovuq mavsumda tog‘li mahallalarning simyog‘ochlarida uzilishlar ham bo‘lib turardi. Shu kabi holatlar bo‘yicha aholi murojaatlari o‘rganildi. Hozirda mahalladagi 21ta ko‘chaga 153 dona yangi temir beton tayanchlar qo‘yildi va 1 dona 400 kilovatt kuchlanishli transformator o‘rnatildi. Shuningdek, Sijjak, Gulobod, Xaydarali, Boyterak kabi mahallalarda ham shunday muammolar hal qilinmoqda. Ayrim joylarda havo tarmoqlarini daraxt shoxlaridan tozalash, belgilangan tartibda simlarni tortish, transformator punktlarida joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Mazkur sa’y-harakatlar tufayli aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarida elektr ta’minoti yanada yaxshilanadi, – deydi Bo‘stonliq tuman Elektr ta’minoti rahbari Qurbonali Siddiqov.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/x7dDbiV61M0" title="Olis manzillarda elektr ta’minoti yaxshilanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A. Musayev, O‘zA.