Olis mahallada DXM filiali o‘z faoliyatini boshladi
Davlat xizmatlari agentligi tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga qulayliklar yaratilmoqda.
Bunday imkoniyatdan fuqarolar emin-erkin foydalanib kelmoqda.
Aholining uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini berib, markazdan uzoqda joylashgan hududlarda Davlat xizmatlari markazlarining filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yilayapti. Namangan viloyatining Uychi tumanidagi Jiydakapa qishlog‘ida o‘z faoliyatini boshlagan ana shunday zamonaviy filial 35 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan to‘qqizta mahalla fuqarolar yig‘iniga davlat xizmatlarini ko‘rsatmoqda.
– Davlat xizmatlari markazida ko‘rsatilayotgan xizmatlardan o‘z mahallamda foydalanaman, deb o‘ylamagan edim, – deydi jiydakapalik tadbirkor Mohidil Isoqova. – Shu kunlarga ham yetib keldik. Uychi tumani Davlat xizmatlari markazi xodimlari uyma-uy targ‘ibot tadbirlarini olib borganida hayron qolgandim. Shunda ular hali vaqti kelib, mahallada davlat xizmati ko‘rsatamiz deganida, ishonmagan edik. Mana endi mahallamizda DXM filiali faoliyati yo‘lga qo‘yilganini eshitib, o‘z ko‘zim bilan ko‘rgani keldim.
Muhimii, markazda ko‘rsatiladigan xizmatlarning deyarli barchasini shu mo‘’jazgina xonada olish imkoniyati bor. Endi aholi 17 kilometr yo‘l bosib, tuman markaziga borishiga hojat qolmadi. Borish-kelish uchun sarflanadigan yo‘l haqi va xizmat olish uchun ketadigan vaqt aholi foydasiga xizmat qiladigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Uychi tuman davlat xizmatlari markazining “Jiydakapa” filiali haftada ikki kun mahallada davlat xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, aholi va tadbirkorlarga bepul huquqiy maslahatlar ham berib borilayapti.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA