Olimpiyachilarimiz ilk turda Ispaniyaga mag‘lub bo‘ldi
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi “Parij-2024” Olimpiadasining futbol musobaqalari guruh bosqichi ilk turida Ispaniya termasiga qarshi maydonga tushdi.
“C” guruhidan o‘rin olgan ushbu uchrashuv Parij shahridagi «Park de Prens» stadionida bo‘lib o‘tdi.

O‘yinni hujumkor boshlagan jamoamiz ilk daqiqalardanoq raqib darvozasi tomon bir necha bor xavfli vaziyatlar sodir etdi.
Bo‘lim o‘rtalarida Ispaniya terma jamoasi faollik ko‘rsatdi va 24-daqiqada darvozamiz yaqinida standart vaziyat sodir etdi. Jarima zarbasidan ispanlar unumli foydalandi va Pubil 29-daqiqada hisobni ochdi.

Mazkur holatdan so‘ng Timur Kapadze shogirdlari o‘yin tizginini qo‘lga oldi va yanada hujumkor o‘yin namoyish etdi. Buning samarasida Ispaniya terma jamoasi himoyachilari o‘z jarima maydonida qoida buzdi hamda hakam ular darvozasi tomon penalti belgiladi. Bu vaziyatda Eldor Shomurodov penaltini golga aylantirdi.

Ma’lumot o‘rnida: Eldorning bu goli futbolimiz tarixida Olimpiya o‘yinlarida kiritilgan ilk gol sifatida muhrlandi.
Ikkinchi bo‘limning 59-daqiqasida Abduvohid Ne’matov darvozasi tomon 11 metrlik jarima belgilandi. Darvozabonimiz Serxio Gomes zarbasini ajoyib tarzda qaytardi. Ammo Serxio Gomes 62-daqiqada o‘z maqsadiga erishdi va hisobni 2:1 hisobiga olib keldi.
Shu tariqa o‘yin 2:1 hisobida Ispaniya foydasiga hal bo‘ldi.
Endi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ikkinchi tur doirasida 27 iyul kuni Misrga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Ispaniya esa Dominikan Respublikasi bilan kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA