"Olimpiya shaharchasi ob’ektlaridan foydalanish direksiyasi"ga rahbar tayinlandi
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi oldidan Sport vazirligida sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda "Olimpiya shaharchasi ob’ektlaridan foydalanish direksiyasi"ga rahbar tayinlandi.
Yig‘ilishda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jismoniy tarbiya va sport sohasida yorqin namoyon bo‘layotgani, dunyodagi barcha mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli va mustahkam hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda mamlakatimizda Mustaqillik bayramini yuqori saviyada nishonlash bilan bog‘liq bayram tadbirlarida sport sohasi xodimlarining faol ishtirokini ta’minlash, tizim oldida turgan muhim vazifalar muhokama qilindi.
Xususan, sport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, sport inshootlaridan samarali foydalanish hamda sportchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda Olimpiya shaharchasida "Prezident olimpiadasi" sport musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish, shuningdek, XX Osiyo va V Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilarining munosib ishtirokini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Xususan, "Olimpiya shaharchasi ob’ektlaridan foydalanish direksiyasi" DM rahbari etib Abror Mamadaliyev, shuningdek, Respublika olimpiya va paralimpiya markazi direktorligiga Akrom Nizomitdinov tayinlangani ma’lum qilindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA