Olimpiadaga yana yettita yo‘llanma
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Xitoyning Kuinan shahrida o‘tkazilgan Osiyo-Okeaniya Olimpiya saralash musobaqasida 5 oltin va 2 kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Xitoyning Kuinan shahrida o‘tkazilgan Osiyo-Okeaniya Olimpiya saralash musobaqasida 5 oltin va 2 kumush medalni qo‘lga kiritdi.Nufuzli musobaqada o‘ttizdan ziyod davlatdan jami 226 bokschi sovrinli o‘rinlar bilan birga joriy yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri mezbonlik qiladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun kurashdi.
Vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida Hasanboy Do‘smatov qirg‘izistonlik Turat Osmonov, indoneziyalik Kornelis Kvangu, mo‘g‘ulistonlik Ganxuyag Gan-Erdene, hal qiluvchi bahsda filippinlik Rogen Ladonni yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
52 kilogramm vazn toifasida Shahobiddin Zoirov singapurlik Muhammad Hanurih Hamid, yaponiyalik Ryomey Tanaka, qirg‘izistonlik Azat Usenaliyev va xitoylik Jianguan Xu ustidan g‘alaba qozonib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Vazni 69 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi ringga chiqqan Shaxram G‘iyosov yaponiyalik Ryuji Sato, Janubiy Koreya vakili Dong-Jin Li, filippinlik Santos Marsial va tailandlik Sailom Ardini yengib, birinchi o‘rinni egalladi.
81 kilogrammgacha vazn toifasida qatnashgan tajribali sportchimiz Elshod Rasulov dastlabki jangda xitoylik Guojun Shi, undan so‘ng tojikistonlik Navro‘z Jafoyevni yengdi, yarim finalda qirg‘izistonlik Erkin Adilbek uluni ikkinchi raundda nokautga uchratdi. Elshod finalda qozog‘istonlik Adilbek Niyazimbetov ustidan g‘alaba qozondi.
Vazni 91 kilogrammagacha bo‘lgan sportchilar bahsida Rustam To‘laganov Yangi Zelandiyadan Devid Nyikani, avstraliyalik Jeyson Vateleyni va xitoylik Fenkay Yuni yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Vazni 91 kilogrammdan yuqori bo‘lgan sportchilar bellashuvida Bahodir Jalolov va xotin-qizlar o‘rtasida vazni 51 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida Yodgoroy Mirzayeva kumush medal bilan taqdirlandi.
Bokschilarimiz ushbu musobaqada Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiadaga yettita yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.