Olimpiada g‘oliblariga Prezidentimiz sovg‘alari topshirildi
2014-yilning 16-28-avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan II o‘smirlar Olimpiadasida yosh sportchilarimiz Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, 4 oltin, 3 kumush va 3 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Poytaxtimizdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida 30-avgust kuni ularga Prezidentimiz sovg‘alari topshirildi.
2014-yilning 16-28-avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan II o‘smirlar Olimpiadasida yosh sportchilarimiz Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, 4 oltin, 3 kumush va 3 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Poytaxtimizdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida 30-avgust kuni ularga Prezidentimiz sovg‘alari topshirildi.Tadbirda mustaqillik yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimizning erkin va ozod, tinch-osoyishta, farovon va baxtli hayot kechirishi, farzandlarimizni barkamol insonlar qilib voyaga yetkazishida muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
Xalqimiz eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 23-yilligini keng nishonlanayotgan shu kunlarda har birimizning dilimizda istiqlol bergan buyuk ne’matlarga shukronalik tuyg‘ulari jo‘sh urmoqda.
Yurtboshimiz rahnamoligida yosh avlodning ta’lim-tarbiya olishi, sport bilan muntazam shug‘ulanishi, o‘zi istagan kasb-hunarga ega bo‘lishi, iqtidor va iste’dodini to‘la namoyon etishi, jismonan va ma’nan yetuk, vatanparvar, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol topgan yigit-qizlar bo‘lib katta hayotga kirib kelishi yo‘lida ulkan g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani o‘zining yuksak samaralarini berayotir.
Mustaqillik yillarida shaharu qishloqlarimizda o‘tgan asrlarda qurilgan ta’lim dargohlari o‘rnini keng va yorug‘, barcha sharoitlarga ega zamonaviy umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari egalladi. Mamlakatimizning barcha hududlarida xalqaro talablarga mos stadionlar, sport majmualari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari, suzish havzalari barpo etildi.
Yaratilayotgan ana shunday zamonaviy sharoitlarga javoban yoshlarimiz o‘z oldilariga qo‘ygan yuksak marralarga erishib, butun jahondagi tengdoshlaridan kam emasligini va kam bo‘lmasligini isbotlab kelmoqda.
Xitoyning Nankin shahrida jahonning 170 davlatidan 3500 nafardan ziyod sportchi ishtirok etgan II o‘smirlar Olimpiadasida yosh sportchilarimiz butun dunyoga mardlik va jasorat bobida ne-ne ulug‘ zotlarning munosib vorislari ekanini isbotladi, xalqimizning, Prezidentimizning ishonchini oqladi, Vatanimiz mustaqilligining 23-yillik bayramiga munosib tuhfa hozirladi.
Qariyb ikki hafta davomida 28 nafar sportchimiz badiiy gimnastika, boks, dzyudo, og‘ir atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, suzish, taekvondo (WTF), trampolin, o‘q otish, akademik eshkak eshish, baydarka va kanoeda eshkak eshish, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha tashkil etilgan musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, O‘zbekiston sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Sportchilarimizning shijoatu jasorati minglab yoshlarimizga haqiqiy o‘rnak bo‘la oldi, ularning ishonchiga ishonch qo‘shib, g‘ururini yanada yuksaltirdi.
Yosh olimpiyachilarimizning bunday olamshumul natijalari bejiz emas, albatta. Zero, istiqlol bergan imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan yuragida o‘ti bor, qalbida Vatan tuyg‘usi jo‘sh urib turgan yoshlarimiz bunday g‘alabalarga erishishi shubhasiz.
Nankin Olimpiadasida yosh bokschimiz Bektemir Meliqo‘ziyev, yunon-rum kurashi ustasi Ilhom Bahromov, dzyudochi Suhrob Tursunov va o‘q otish bahslarida qatnashgan Vladimir Svechnikov Olimpiadaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Nufuzli musobaqada sportchilarimizdan Umida Abdullayeva, Sulaymon Latipov, Farhodbek Sobirov kumush, Adhamjon Ergashev, Suhrob Tursunov va Temur Qodirov bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Umidli sportchilarimiz Abubakr Alimov, Kozimbek Mardonov, Shahboz Abdujabborov, Vadim Skorovarov, Artem Puxnatiy, Andrey Pravdivsev, Artur Guliyev, Amiran Babayan, Shahodat Jo‘lliboyeva, Veronika Orlova, Anora Davlatova, Komila Rustamova, Karina Tog‘ayeva, Sabrina Ramazonova, Go‘zal Raymanova, Irina Salex, Komila Abdullayeva, Yulduz Kulgovaya va Regina Kim Nankin Olimpiadasida munosib ishtirok etdi.
Tadbirda o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari hamda ishtirokchilari Prezidentimiz Islom Karimov sovg‘asi – eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy komputerlar bilan taqdirlandi.
– Olimpiada o‘yinlaridagi ishtirokimizni yuksak baholagan Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik izhor etaman. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik bizni kelgusida yanada yuksak marralar sari rag‘batlantiradi, – deydi Ilhom Bahromov. – Erishgan yutuqlarimiz Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufaylidir.
– O‘smirlar Olimpiadasida ishtirok etar ekanman Vatanimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelish, Prezidentimiz, xalqimiz ishonchini oqlash fikri meni ruhlantirib turdi, kuchimga kuch qo‘shdi, – deydi Vladimir Svechnikov. – Biz g‘alabamizni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligining 23-yilligiga bag‘ishlaymiz.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G‘aniyev, O‘zbekiston xalq shoirlari S.Sayyid, I.Mirzo, FIFA referisi R.Ermatov, sportchilar B.Meliqo‘ziyev, S.Tursunov va boshqalar mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rsatayotgan ulkan e’tibori uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev so‘zga chiqdi.