Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!
Ertalabdan yangragan karnay-surnay va nog‘ora sadolari Jizzax ahli va barcha mehmonlarni shahardagi “O‘rda ekobog‘i” tomon chorladi. Viloyatdagi korxona, tashkilot, boshqarma va idoralar, oliy o‘quv yurtlari, mahallalar, ta’lim muassasalari va ulardan tashqari, har bir tuman o‘zlari uchun ajratilgan joylarda sahna o‘rnatib, bir-biridan to‘kin bayram dasturlarini namoyish etmoqda.
Xalq bilan birga bayram saylida qatnashgan Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev va viloyat faollari, nuroniylar, shahar va tuman hokimlari “O‘rda ekobog‘i”da Navro‘zni tantana qilayotganlarning davrasida bo‘lib, ularni bayram bilan tabrikladi. Bayram “O‘rda” amfiteatrida katta tantana bilan davom etdi.
Tadbirga kelganlar, ayniqsa, milliy xalq o‘yinlaridan kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish, chillik kabi bellashuvlarni zavq bilan tomosha qildi.
[gallery-16546]
– Bu ko‘hna bayramni xalqimiz qanchalar sevishini sayilga chiqqan keksa-yu yoshlarning lablaridagi tabassum, ko‘zlaridagi quvonchdan bilib olsa bo‘ladi, – deydi mehnat faxriysi Dilbar Saidova.
Viloyat hokimi Ergash Saliyev o‘z so‘zida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha jabhalarda o‘zining yorqin samaralarini berayotgani, bugun voha ahli faqatgina qishloq xo‘jaligi bilan emas, balki avtomobilsozlik, sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, eksport imkoniyatlari bilan ham maqtana olishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Teatrlashtirilgan tomoshalar, poytaxtdan kelgan taniqli estrada yulduzlari va jizzaxlik iqtidorli san’atkorlar namoyish etgan bayram konserti qatnashchilarga bahoriy kayfiyat ulashdi.
Jizzax vohasida Navro‘z tantanalari qizg‘in davom etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari