Okrug saylov komissiyalarining vakolatlari qanday?
Joriy yilning 24 oktyabr kuni mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. 2021 yilning 9 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun saylov okruglari tuzish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi ham ushbu siyosiy jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlarida Prezident saylovini o‘tkazish uchun 14 ta saylov okruglarini tuzish nazarda tutilgan. Toshkent davlat yuridik universiteti professori Firuza Muhitdinova ushbu qarorning mazmun-mohiyati, uning ijrosi va okrug saylov komissiyalarining vakolatlari haqida intervyu berdi. – Saylov okrugi hamda saylov okrug komissiyalari tushunchasi va huquqiy maqomiga to‘xtaladigan bo‘lsak, saylov okrugi bu davlat boshlig‘i yoki hokimiyatning vakillik organlariga saylov o‘tkazish uchun tuziladigan aholi hududiy tashkilotining asosiy bo‘g‘inidir, – dedi F. Muhitdinova. – Unda davlatning ma’muriy-hududiy bo‘linish bo‘yicha istiqomat qilayotgan aholining o‘z vakillarini davlat hokimiyati organlariga saylash shartlari saylov okruglarida belgilanadi. Dunyo davlatlari tajribasiga ko‘ra, saylovni demokratik tamoyillarga muvofiq o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida turli xil milliy-ma’muriy bo‘linishga mos ravishda saylov okruglari tuziladi. Bunda mamlakatimizning butun hududida Prezident saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga saylov va referendum to‘g‘risidagi qonunlar asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov tayinlangandan keyin saylov okruglari ro‘yxati ularning chegaralari va saylovchilar sonini ko‘rsatgan holda e’lon qilinadi. Shuningdek, okrug saylov komissiyalari saylovga tayyorgarligi va uni amalga oshirish tartibi Saylov kodeksining 8-moddasida belgilangan. Qonunchilikka ko‘ra, saylov komissiyalari saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishda ochiqlik va oshkoralikka amal qilishi ko‘rsatilgan. Masalan, okrug saylov komissiyalari, o‘z navbatida, quyidagi vakolatlarga ega.
Birinchidan, saylov kodeksining 22-moddasida okrug saylov komissiyasining vakolatlari belgilangan. Jumladan, birinchi va asosiy vakolatlaridan biri – tegishli hududda Saylov kodeksi ijrosini nazorat qiladi; ikkinchidan, saylov uchastkalari okrug saylov komissiyasi tomonidan tuziladi hamda saylov uchastkalari raqamlashtiriladi, ya’ni uning tartib raqami belgilanadi. E’tiborli tomoni shundaki, har bir tuzilgan saylov uchastkalarining manzillari bo‘yicha ro‘yxat tuzilgach, mazkur manzil joyi saylovchilarga ma’lum qilinadi. Uchinchidan, okrug saylov komissiyalari uchastka saylov komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. To‘rtinchidan, saylov jarayonida ishtirok etayotgan prezidentlikka nomzodlarga teng sharoitlarni ta’minlab beradi. Beshinchidan, saylov jarayonining eng muhim jihati bu – nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etish. Yana bir muhim vakolati shundaki, okrug saylov komissiyasi saylov jarayonida siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga oid masalalar yuzasidan axborotini eshitadi. Kerak hollarda to‘plangan ma’lumotlar asosida masalalarni hal etishga tavsiya va ko‘rsatma beradi. Barchamizga ma’lumki, saylov jarayonining muhim talabi saylovchilar ro‘yxatlarining shakllantirish bo‘lib, okrug saylov komissiyasi uchastka saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatning tuzilishi hamda hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini kuzatib boradi. Saylov natijalarini aniqlash va ularni tegishincha Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etish vakolati ham mavjud. Saylov natijalariga ko‘ra, takroriy ovoz berish va takroriy saylov o‘tkazish zarurati aniqlansa, albatta, bu jarayonni tashkil etish vakolati ham okrug saylov komissiyasiga berilgan.
Shu bilan birga, okrug saylov komissiyasi butun o‘z faoliyati davrida saylovchilar va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilari tomonidan tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilish vakolati doirasida amalga oshiriladi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, sanab berilgan vakolatlarga asosan okrug saylov komissiyalari o‘z ishini tashkil etadi. Bu esa saylov komissiyalari raisi va a’zolarini qonuniylikka amal qilishlari, majlislarni o‘tkazishni rejalashtirish va qarorlar qabul qilishda Saylov kodeksi talablarini o‘z vaqtida va aniq bajarishlarini talab etadi. Zero, yangilanayotgan O‘zbekistonda Prezident saylovi ilk bora Saylov kodeksi asosida o‘tkazilayotganligi va joriy qilingan ko‘plab yangiliklarni amaliyotda ifoda etilishi bevosita okrug saylov komissiyalarining qarorlari bilan tarix sahifasiga kiradi.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.