Okrug harbiylari musobaqasi
Mudofaa vazirligining Termiz umumqo‘shin dala poligonida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida “O‘z kasbining ustasi” hamda “Men g‘olib” shiori ostida o‘tkazilayotgan musobaqaning okrug bosqichiga start berildi.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida keyingi yillarda mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha fikr yuritildi. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, harbiy qism va muassasalardagi mutaxassislarning nazariy va amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, shaxsiy tarkib o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan mazkur bellashuv ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.


Shuningdek, harbiy xizmat nufuzini oshirish, qo‘shinlarda zamonaviy harbiy an’analarni shakllantirish, harbiy xizmatchilar qalbida tanlagan kasbiga, ona Vataniga hurmat va vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Musobaqani Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Sobirjon Baybabayev, okrug qo‘shinlari qo‘mondonining buyrug‘i bilan tayinlangan mas’ul ofitserlardan iborat hakamlar hay’ati baholab bormoqda.


Qizg‘in bahslarga boy bo‘layotgan bellashuvda “Eng ilg‘or serjant”, “Eng ilg‘or guruh komandiri”, “Eng ilg‘or vzvod (batareya) komandiri”, “Eng ilg‘or batalon (divizion) komandiri”, “Eng ilg‘or brigada komandiri” hamda “Men g‘olib” shiori ostida “Merganlar marrasi”, “Otliq marafon” va “Xavfsiz muhit” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.
Ishtirokchilardan jismoniy, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha kompyuter orqali test sinovlari ham qabul qilinadi. Ko‘rik-tanlov joriy yilning 24 sentyabr kuni yakunlanadi. G‘oliblar musobaqaning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri