OKMK: “yashil” iqtisodiyotga o‘tish samarasi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalaridan foydalanish hamda energiya resurslarni tejash maqsadida samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Masalan, Sanoat temir yo‘l transport boshqarmasining 3-sonli temir yo‘l sexi hududidan o‘tuvchi “Tanachi-Bo‘ka” kanaliga o‘rnatilgan quvvati 30 kVt.soatni tashkil qiluvchi gidroturbinali generatorda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi sex maishiy-ma’muriy binosining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini 60 foizga ta’minlaydi.
Kombinat rahbariyati tashabbusi bilan o‘rnatilgan generator suv oqimi orqali elektr tokini ishlab chiqaradi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayoni qurilma gidroturbinasi parragini suv oqimi harakatga keltirishi bilan boshlanadi. Hosil bo‘lgan kinetik energiya reduktor orqali generatorga uzatiladi hamda generator yordamida elektr energiyasi hosil bo‘ladi. Ishlab chiqilgan elektr energiyasi foydalanish uchun tarmoqqa uzatiladi.
Mazkur qurilmaning afzalligi shundaki ekologik jihatdan zararsiz va atmosferaga zararli chiqindilar chiqmaydi. Loyihaning amalga oshirish natijasida elektr energiyasi bo‘yicha xarajatlar bir oyda 7,2 million so‘m, bir yilda 86 million so‘m miqdorida tejab qolinadi. Ushbu yangilik “yashil” iqtisodiyotga o‘tish yo‘lidagi samarali ishlarning amaldagi ifodasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
OKMK Axborot xizmati