OKMK klubi ishonchli g‘alabaga erishdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 25-turidan o‘rin olgan “Paxtakor“ – OKMK jamoalari bahsi 0:2 hisobida yakunlandi.
Poytaxtimizdagi “Jar” stadionida o‘tkazilgan ushbu o‘yindagi gollarga Nodirbek Abdurazzoqov (31ʼ) va Arixiro Sentoku (87ʼ) mualliflik qildi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, OKMK jamoasi bu g‘alabani 11 yil kutdi. Gap shundaki, OKMK Toshkentda o‘tgan o‘yinlarda so‘nggi bor, 2013 yilda “Paxtakor“ni mag‘lub etgan edi.
Bu galgi zafardan so‘ng Olmaliq shahri jamoasi ochkolar sonini 44 taga yetkazib oldi va jadvaldagi o‘rnini yanada mustahkamladi. “Paxtakor” esa 38 ochko bilan hozircha 5-o‘rinda qoldi.
Bugun, 22 noyabr kuni Superliganing 25-turida “Neftchi” o‘z maydonida “Nasaf”ni qabul qilsa, “Navbahor” safarda “Qizilqum” bilan raqobatlashadi.

O‘zbekiston Futbol hakamlari markazi “Qizilqum” – “Navbahor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni Timur To‘xtasinov boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarishi haqida xabar berdi. Ushbu uchrashuv Qarshidagi “Markaziy” stadionida soat 18:15 da start oladi.
Shu o‘rinda bu jamoalarning o‘zaro o‘yinlari haqida ayrim faktlarni e’tiboringizga havola qilsak. “Navbahor” va “Qizilqum” jamoalari Superliga (oliy liga)da jami 49 marta o‘zaro kuch sinashgan bo‘lib, uchrashuvlarning 21 tasida “Navbahor”, “Qizilqum” esa 14 tasida g‘alaba qozongan, yana 14 ta uchrashuv durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati bo‘yicha ustunlik namanganliklar tomonida – 64/48. Bu klublarning bu yilgi Superliga bahslaridagi ilk to‘qnashuvida hisob ochilmagan.

“Navbahor” so‘nggi 5 mavsumdan buyon “oltin izlovchilar” maydonidan ochko bilan qaytmoqda. Namangan shahri jamoasi ushbu o‘yinlarda 4 ta g‘alaba va 1 ta durang qayd etgan.
Shuningdek, Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadionida o‘tadigan “Neftchi” va “Nasaf” klublari o‘rtasidagi o‘yinni Rustam Lutfullin boshchiligidagi hakamlar boshqaradi. O‘yin soat 16:00 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA