Oilaviy qadriyatlarni mensimaslik, o‘zaro kelishmovchiliklar nimaga olib kelmoqda?
Qadriyatlarga yuzaki yondashish, o‘zaro kelishmovchiliklar oqibatida oilalarning ajralish holatlari oshmoqda. Bu, o‘z navbatida, aliment undirishga doir ijro hujjatlari sonining ortib ketishiga olib kelmoqda.
Majburiy ijrodagi eng muammoli yo‘nalishlardan biri ham aliment undiruvlari hisoblanadi. 2025-yilda kelib tushgan murojaatlarning 54 foizi aliment hujjatlari hisoblanadi.

Joriy yil 13-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Majburiy ijro byurosi aliment bo‘yicha ariza tushsa, undirib berayotgani, lekin aliment to‘lovchining rasmiy daromadi bo‘lmagani uchun murojaatlarning 30 foizi hal qilinmasdan qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Darhaqiqat, aliment undirish to‘g‘risidagi sud qarorlari ijrosini ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.
Aliment undirish tizimi qanday yo‘lga qo‘yilgan, umuman, tizimda amalga oshirilayotgan ishlar ishlar ko‘lami qanday? Shular xususida Majburiy ijro byurosining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi bosh inspektori Muhammad-Rizo Hamidovning fikrlariga qiziqdik.
–O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasida ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi belgilab qo‘yilgan, – dedi Muhammad-Rizo Hamidov. – Shunga muvofiq undiruvchi aliment masalasida avvalo sud buyrug‘ini chiqarish to‘g‘risida tegishli sudlarga ariza bilan murojaat qilish imkoniga ega. Aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati sudlardan Majburiy ijro byurosining tegishli tuman-shahar bo‘limlariga kelib tushadi. Shu kundan e’tiboran ijro ishi qo‘zg‘atiladi va bu haqida taraflarga elektron xabarnomalar yuboriladi.
Aliment qarzining miqdori ijro ishiga mas’ul bo‘lgan davlat ijrochisi tomonidan sudning hal qiluv qarori yoki aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvda belgilangan miqdordan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Oila kodeksiga ko‘ra voyaga yetmagan bolalarga to‘lanadigan aliment qarzining miqdori aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi miqdoridan kelib chiqqan holda aliment undirilmagan vaqt uchun hisoblab chiqiladi.
Agar aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs shu davrda ishlamagan bo‘lsa yoki uning ish haqi va daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha aliment hisoblab chiqiladi.
– Aliment undirishda qarzdorga tegishli vositalar qaysi hollarda xatlanadi?
– Bu jarayonda ijro hujjati yuzasidan vujudga kelgan qarzdorlik tufayli uning mol-mulklari qonunning 47-moddasiga asosan xatlanishi mumkin. Xatlangan mol-mulk baholangandan so‘ng elektron onlayn auksionga qo‘yiladi hamda sotuvdan tushgan pul mablag‘lari undiruvchiga topshiriladi.
Shu o‘rinda Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan amalga oshirilayotgan yana bir ijobiy amaliyotni aytib o‘tish lozim. Qarzdorlarning mol-mulklarini xatlashdan oldin ular bilan profilaktik suhbat o‘tkaziladi. Ayrim qarzdorlar muqim ish o‘ringa ega bo‘lmaganligi sababli aliment pul mablag‘larini o‘z vaqtida amalga oshira olmayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Shu sababli qarzdorlarni davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda imkoniyat darajasida ishga joylash choralari ko‘rilmoqda. Natijada, o‘tgan davr mobaynida 27 ming nafarga yaqin aliment to‘lovchining bandligi ta’minlanib, undiruv ularning ish haqlariga qaratildi.
– Qarzdorning alimentni o‘z vaqtida bermasligi qamoq jazosiga sabab bo‘lishi qay darajada natija beradi?
– Tahlillarga ko‘ra, 2025-yil davomida alimentni o‘z vaqtida to‘lamagan qarzdorlarga nisbatan 16163 ta ma’muriy va 1283 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. E’tibor bering, sudlarga yuborilgan 6215 dan ortiq ma’muriy material bo‘yicha qarzdorlarga jazo qo‘llanilmagan.
Buning asosiy sabablaridan biri – huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxslar sud jarayonlarida o‘z mas’uliyatini his qilib, alimentdan bo‘lgan qarzdorlikni to‘liq to‘lab bergan.
– Aliment tufayli qarzdorning xorijga chiqishiga to‘sqinlik qilinishi sohaga va javobgarga qay darajada noqulaylik tug‘diradi?
– Avvalo bu borada cheklovni yechish uchun yetarlicha imkoniyatlar mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yildagi “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida alimentlarni oldindan to‘lash yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlashda garov taqdim etish asoslari belgilab berilgan.
Ma’lumki, alimentga oid ijro ishlari odatiy tarzda – ijrosi to‘liq ta’minlanganda, undiruvchi yoki sud tomonidan qaytarib olinganda tamomlanadi. Bunda qarzdorga qo‘yilgan cheklovlar avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali bekor qilinadi.
Bundan tashqari, “Sud hujjati asosidagi ijro hujjatlarini uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etmagan qarzdor jismoniy shaxslarning O‘zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklash bo‘yicha vakolatli davlat organlarining hamkorligi to‘g‘risida”gi nizom qabul qilingan. Unga asosan aliment to‘lash majburiyati yuklagan sud hujjati bo‘lgan shaxslar sug‘urta polisini ilova qilgan holda davlat ijrochisiga iltimosnoma bilan murojaat etsa, ularning chet davlatga chiqishi bo‘yicha qo‘yilgan vaqtinchalik cheklovi to‘xtatib turiladi. Bunda tegishli sug‘urta turlari faqat maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan sug‘urtalovchi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Sug‘urta polisi aliment majburiyatlarini bajarishni kafolatlashga xizmat qiladi.
– Eng ko‘p qarzdorlik alimentdan qaysi hududlarga to‘g‘ri kelmoqda?
– Ish yurituvdagi aliment ijro hujjatlarini hududlar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, Samarqand viloyatida 46 mingdan ko‘proq aliment ijro hujjati bo‘lib, keyingi o‘rinlar Andijon va Farg‘ona viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish lozim aliment bo‘yicha o‘tgan davrda bir qator samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, soha raqamlashtirilib, aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi – “E-aliment” dasturi yaratildi. To‘lov intizomiga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida aliment pullarini bank kartalari orqali undirish amaliyoti joriy etildi va aliment oluvchilar bepul kartalar bilan ta’minlandi.
Birgina o‘tgan yili 153 mingta bank kartasi undiruvchilarga bepul tarqatildi. Muqaddam, aliment pullari undiruvchilarga pochta orqali 10 kunda yetkazilgan va qarzdordan 6 foiz pochta xizmati undirilgan.
Yangi tizim orqali esa 2025-yilda 186 milliard so‘mlik pochta xarajati tejalib, alimentga yo‘naltirildi.
Yana bir jihat yurtimizda MDH davlatlari ichida yagona bo‘lgan “Aliment to‘lovlari” davlat jamg‘armasi tashkil qilindi. O‘tgan davrda jamg‘arma hisobidan 2 302 nafar undiruvchiga 67,1 milliard so‘m to‘lab berildi.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
suhbatlashdi.