“Oilam bilan ko‘chat ekaman”
Bolalik xotiralarini yodga olganda ko‘pchiligimiz bobomiz, amakiyu tog‘alarimiz bilan xovlimizga ko‘chat ekkan onlarni eslaymiz. Bobom rahmatli har yili bahorda tomorqamiz chetlari, ariq bo‘ylariga turli-tuman ko‘chatlar ekardi. O‘zimizda qaysidir meva ko‘chati bo‘lmasa, qo‘shnilar bilan almashardi. Va har birimiz o‘zimiz ekkan ko‘chatga belgi qo‘yib qo‘yardik. Ko‘chatim qurib qolmasin, deb aka-ukayu opa-singillar astoydil parvarish qilardik.
Bobolarimizdan qolgan mana shunday qadriyatlar bugun ham davom ettirilayotganini eshitib, ochig‘i quvondik.

Milliy gvardiyaning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hududiga 500 ga yaqin baland bo‘yli sosna, dub, qayrag‘och, kulyon, yasin kabi turdagi daraxt ko‘chatlari ekildi. Ushbu loyihada boshqarma harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolari “Oilam bilan ko‘chat ekaman” shiori ostida ishtirok etishdi. Unda jajji farzandlari bilan ko‘chat ekib, bog‘ yaratishga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan ota-onalar ishtirok etishdi.
Alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, har bir daraxt oilalarga biriktirilgan holda maxsus oila nomlari tushirilgan belgilar bilan ekildi. Bu esa ko‘chatlarni parvarishlashda har biriga mas’ul oila va xodimlar borligini bildiradi. E’tiborli jihati, suvdan oqilona foydalanish maqsadida tomchilatib sug‘orish tizimi yaratildi.

Darhaqiqat, yashab turgan joyimizni ozoda saqlab, bizdan keyingi avlod ham munosib tabiiy muhitda yashashi uchun bugun tabiatga mehr va e’tibor bersak, kelajak avlod ham munosib ekologik sharoitda yashaydi. Buning uchun yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrash hamda daraxt ko‘chatlarini ekib, bog‘ yaratishimiz zarurdir. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi – bu bir yillik tadbir emas”.

Nigora Rahmonova, O‘zA