Oila muammosiga yechim topdi
Respublika adliya idoralari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimi tubdan takomillashib, fuqarolarning huquq va manfaatlari ta’minlanmoqda.
Jumladan, Namangan viloyati Yangi Namangan tumani adliya bo‘limi tomonidan bir fuqaroning 26 yil davomidagi muammosi o‘z yechimini topdi.
Maftuna Miliboyeva Yangi Namangan tumani fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limiga murojaat qilib, 1998 yilda tug‘ilganligi, 26 yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, hanuzgacha tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yo‘qligi, bu borada bir necha marotaba davlat idoralariga murojaat qilgani, biroq uning muammosi hal bo‘lmaganligini bayon qilgan.


Tuman FHDYO bo‘limi mudiri Zulayho Otaxonovaning ma’lum qilishicha, mazkur masala yuzasidan kerakli ma’lumotlarni olish maqsadida tashkilot va muassasalarga aloqa xati bilan murojaat qilinib, barcha ma’lumotlar olindi. Natijada, fuqaroning tug‘ilishi holati qayd etildi.

Tug‘ilganlik guvohnomasi berilgandan so‘ng, fuqarolik pasporti olishda ham amaliy yordam ko‘rsatildi. Unga pasport taqdim etilgach, 2018, 2020 va 2022 yillarda tavallud topgan farzandlariga ham tug‘ilganlik qayd etilib, bu haqdagi guvohnomalar berildi. Shu bilan, bir oilaning to‘rt nafar a’zosini yillar davomida qiynab kelayotgan muammosiga barham berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA