Oila kodeksi bugungi kun talabiga javob bermayapti
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida bo‘lib o‘tgan “Oila qonunchiligini takomillashtirish muammolari: nazariya va amaliyot” mavzusidagi ilmiy-nazariy konferensiyada ana shunday fikr bildirildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan konferensiyada taniqli huquqshunos olimlar, Inson huquqlari bo‘yicha vakil, “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari, sudyalar, professor-o‘qituvchilar, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar hamda doktorant tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Unda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va uning huquqiy asoslarini takomillashtirish, oila qonunchiligida kelib chiqayotgan muammolarni amaliyotda birxillashtirish, Oila va Fuqarolik kodekslaridagi mavjud muammolar va ularning yechimlari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Ta’kidlanganidek, Oila kodeksi qabul qilinganiga 20 yildan ko‘p vaqt o‘tdi. Bu davr mobaynida bir necha bor o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa-da, lekin bugungi kun talabiga to‘liq javob bermay qolganligi muhokama markazida bo‘ldi.

O‘zbekistonda oilani rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror taraqqiyot maqsadlari hamda “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da belgilab berilgan vazifalar doirasida amalga oshirilmoqda.
Konferensiyada oila qonunchiligi, xususan, Oila kodeksini takomillashtirish, oila instituti huquqiy asoslarini mustahkamlash, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, oilaning ma’naviy-axloqiy muhitini yanada yaxshilash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish, oila institutini yanada mustahkamlash bo‘yicha davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan ijtimoiy sherikligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
“Oilani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” qonun qabul qilish zarurati paydo bo‘lganligi, bu qonun oila qonunchiligiga oid yagona huquqiy hujjat bo‘lishi, oilaga oid ishlarni ko‘rishda amaliyotni birxillashtirish kerakligi aytib o‘tildi.
Oila institutini takomillashtirish, o‘z navbatida, mamlakatimizda oilalar barqarorligini ta’minlash, ajralishlar sonini kamaytirish hamda oilalarning ijtimoiy va huquqiy maqomini aniqlashtirish kabi ijtimoiy, tashkiliy va huquqiy vazifalarni belgilashga yordam beradi.

– Mamlakatimizda oila va oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarining deyarli barchasi qabul qilingan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi mustaqil tadqiqotchisi Hurshida Qurbonova. – Ammo hozirgi kunda ba’zi bir oilaviy nizolar, uy-joy masalasida kelib chiqadigan muammolar amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo qilmoqda. bugungi konferensiya ana shunday muammolarni ochib berish va ularga yechim topishga qaratilgan.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalangan holda qonunlarga o‘zgartirish kiritib, fuqarolar manfaatini himoya qilishdan iborat. Toshkent shahri mamlakatimiz bo‘yicha oilaviy ajrimlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni tashkil etmoqda. Eng achinarlisi, sudga nikohdan ajratish bo‘yicha da’vo ariza bilan erkaklarga nisbatan ko‘proq xotinlar murojaat qilmoqda. Shu bois oila, er-xotin munosabatlari, ular o‘rtasida yuzaga kelayotgan muammolarni chuqur o‘rganish zarur.
Bahs-munozaralarga boy bo‘lgan konferensiyada yangi tahrirdagi Oila kodeksini ishlab chiqilishi lozimligi va u jamiyatning tezkor rivojlanuvchi ehtiyoj hamda talablariga javob bera oladigan, ayollarning mulkiy huquqlari buzilishi va oilaviy zo‘ravonlikka barham berishga qaratilmog‘i shartligi ta’kidlandi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA