Oila – jamiyat va davlat muhofazasida
Uchtepa tumani hokimligi, Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati hamda Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida «Oila – jamiyat va davlat muhofazasida» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda Toshkent shahar sudi raisi E.Xodjakulov, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari N.Umarova, Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshlig‘i N.Muxammadiyev, Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi B.Islamov, sudyalar, tumanlararo sud raislari, tuman hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, adliya, FHDYO, prokuratura, ichki ishlar va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz tomonidan oila va xotin-qizlar masalalariga alohida ahamiyat qaratilayotgani, bu boradagi muammolarni yechish uchun ko‘plab chora-tadbirlar ko‘rilayotgani ta’kidlanib, bugungi kunda hal etilishi lozim bo‘lgan vazifalarga e’tibor qaratildi.
Qayd etilishicha, sudlarda oilaviy nizolar ko‘payayotgani, nikohdan ajralishlar soni, bola ta’minoti va tarbiyasiga oid nizolar sonining o‘sib borishi, ota-onalik huquqiga oid nizolarning ortishi buning oldini olishga qaratilgan choralar qamrovini tubdan o‘zgartirish va kengaytirish lozimligini ko‘rsatadi.

Tahlillarga ko‘ra, 2023-yilda sudlar tomonidan ko‘rilgan jami 55 ming 381 ta ishning 13 ming 33 tasi yoki 23,5 foizi oila munosabatlari bilan bog‘liq. Nikohdan ajratish haqida jami 8 ming 254 ta ish ko‘rilgan.
Tadbirda muammolarning yechimi sifatida oilaviy sudlarning tashkil etilayotgani, mediatsiya markazi ish olib borayotgani aytildi.
Jaloliddin Abbosov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi.