«Oila – bog‘cha – maktab» tizimi yaratiladi
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Alisher Qodirovning Farg‘ona viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Xursanoy Islamovaning hududlarda saylovchilar bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.
Beshariq tumanida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ishonchli vakil nomzodning saylovoldi dasturida belgilangan 5 ta ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha saylovchilarni tanishtirar ekan, eng avvalo, dasturda ta’lim va tarbiyaga alohida urg‘u berilganini ta’kidladi. Boisi oilada olingan tarbiya bog‘chaga, bog‘chada olingan ta’lim va tarbiya maktabga ko‘chadi. Demak, har bir bola uchun qadrdon bo‘lgan oila muqaddas, bog‘cha tarbiya maskani, maktab esa ta’lim berib, yo‘l ko‘rsatuvchi dargoh, kelajak uchun poydevor bo‘lishi kerak. Shuningdek, dasturda bola tug‘ilganidan maktabni tugallagunigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan tarbiya va ta’lim dasturi ishlab chiqilishi uchun yagona «Oila – bog‘cha – maktab» tizimi yaratilishi, oilada sog‘lom farzandni dunyoga keltirish va tarbiyani to‘g‘ri tashkil etish uchun 18 yoshgacha farzandlari bo‘lgan ota-onalarni qo‘llab-quvvatlab, ularga alohida maqom va mas’uliyat yuklatish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv davomida turli savollar o‘rtaga tashlandi. Ayniqsa, ishtirokchilar tomonidan nomzodning maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlarini qo‘llab-quvvatlash borasida ilgari surayotgan tashabbusi iliq qarshi olindi.

Buvayda tumani madaniyat markazida saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda nomzodning tarjimai holi haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘z navbatida, ishonchli vakil saylovoldi dasturidagi asosiy g‘oya hamda tashabbuslar xususida ma’ruza qilib, saylovchilar tomonidan berilgan savollarga javob berdi.

Alisher Qodirov tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar amalga oshishi orqali nomzod tomonidan ilgari surilayotgan yangi g‘oya va maqsadlar ro‘yobga chiqishi hayotimiz farovonligi uchun xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

M. Sulaymonov, O‘zA