Ohangaronning sanoat salohiyati yangi bosqichda
Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Ohangaron tumanidagi yirik sanoat korxonalariga press-tur tashkil etildi.
Prezident topshirig‘i amalda
Asosiy maqsad keyingi yillarda hududda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari hamda ularning mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, import o‘rnini bosish va eksport salohiyatini oshirishdagi ahamiyati bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi. Ta’kidlash lozimki, keyingi yillarda Ohangaron tumani mamlakatimizning yirik sanoat markazlaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda. Bu yerda elektrotexnika, mashinasozlik, metallurgiya, qurilish materiallari va qayta ishlash sanoatida o‘nlab yirik investitsiya loyihalari ishga tushirildi.

Bu jarayonga Prezidentning joriy yil 13-fevral kuni Ohangaron tumanidagi elektrotexnika sanoati texnoparkidagi korxonalarga tashrifi ham muhim turtki berdi. Tashrif davomida yuqori texnologiyali, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarayotgan qator yangi korxonalar faoliyati bilan tanishilib, hudud sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.
Press-tur ishtirokchilari dastlab "Premier Electrotech" qo‘shma korxonasida bo‘ldi. Tut mahallasi hududida 10 gektar maydonda barpo etilgan mazkur korxonaga 30 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritilgan. Bu yerda turli maishiy texnikalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uning yillik quvvati 200 ming donani tashkil etadi. Korxonada yiliga 300 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Loyiha doirasida 150 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Press-tur davomida OAV vakillariga maishiy texnikalar qanday sharoitda ishlab chiqarilishi, sifat nazorati bosqichlari, zamonaviy texnologiyalar ko‘rsatildi. Mutaxassislar bilan suhbatda bu boradagi savollarga atroflicha javob olindi.
Navbatdagi manzil "Enco Group" qo‘shma korxonasi bo‘ldi. Ushbu korxonaning umumiy maydoni 21 gektarni tashkil etadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy mablag‘lar hisobidan amalga oshirilgan loyihaning qiymati 57,5 million AQSH dollariga teng. Korxona mutaxassislarining aytishicha, bu yerda yillik 24 ming tonna yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari, mis trubkalari va izolyatsiyalangan mis shinalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur korxonada respublikada birinchi marta 110, 220 va 330 kilovoltli yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Bu mamlakatimiz energetika tarmog‘i uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, avval import orqali olib kelingan ushbu turdagi mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojning katta qismini mahalliy ishlab chiqarish hisobidan qoplash imkonini beradi. Natijada mazkur mahsulotlar importini qariyb 60 foizga qisqartirish va sezilarli miqdorda valyuta mablag‘larini tejashga erishiladi.
Loyiha doirasida 485 ta yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, bu aholi bandligini ta’minlash, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va hududning sanoat salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologik liniyalar, mahsulot sifati nazorati hamda kelgusida eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha rejalar bilan ham tanishdi.
A.Musayev, O‘zA