Ohangaronlik deputat aholi muammolarini o‘rgandi
So‘nggi yillar Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Partiyaning mana shunday loyihalaridan biri bo‘lgan “Bir deputat – yuz ayolga ko‘makchi!” loyihasi doirasida o‘tkazilgan navbatdagi tadbir Ohangaron tumanining olis manzillaridan hisoblanuvchi “Gulobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 35-oilaviy poliklinikada tashkil etildi.

Xalq deputatlari Ohangaron tuman Kengashi deputati Madhiya Nishonova o‘zi saylangan hududda istiqomat qiluvchi xotin-qizlar bilan aloqada bo‘lib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishida fidoyi bo‘lmoqda. U partiyaning “Bir deputat – yuz ayolga ko‘makchi!” loyihasi zamiridagi xayrli maqsadlarni amalga oshirish orqali hudud xotin-qizlariga ko‘makchidir.
Tashabbuskor deputat qishloq ayollari va o‘smir qizlar uchun bepul chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil qildi. Unda 30 dan ziyod fuqarolar terapevt, ginekolog, kardiolog hamda UTT shifokorlarining malakali tekshiruvlaridan o‘tdi.

– Kasallikning oldini olish uni davolashdan ko‘ra oson va imkon qadar ertaroq aniqlash samarali davolanishni kafolatlaydi, – deydi M.Nishonova. – Ushbu xayrli tashabbus ayollarimizning salomatliklarini muhofaza qilish barobarida ularning turmush sifatini oshirish, davlatimizning g‘amxo‘rligini his etib, oila va jamiyat ishlariga yanada o‘zgacha shijoat bilan kirishishlariga turtki bo‘ldi.
Xalq vakili shu kunning o‘zida hududdagi ayollar bilan uchrashdi. Unda deputat mahallada yashovchi qiyin ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarning hududda yechimini kutayotgan masalalar, xususan, uy-joyga bo‘lgan egalik huquqini himoya qilinishi, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, ta’lim, kasb-hunarga yo‘naltirish, ish bilan bandlik, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, sog‘ligini tiklash, imtiyozli kreditlar olishga ko‘maklashish, ijtimoiy himoya borasidagi qator muammolarini ham diqqat bilan tingladi. Aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan ayrim muammolarga shu yerning o‘zida tizimli ravishda ijobiy yechimlar topishga erishdi.

A.Musayev, O‘zA