Ohangaronda yirik sanoat loyihasi ishga tushdi
Ohangaronda yirik “Enco Group” qo‘shma korxonasi ishga tushirildi. Bu hudud sanoat salohiyatini yangi bosqichga ko‘tarib, yuzlab ish o‘rinlari va ulkan investitsiyalar bilan iqtisodiyotga yangi quvvatlar olib kiradi.
Toshkent viloyati Ohangaron tumanida “Enco Group” qo‘shma korxonasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov hamda Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov ishtirok etib, korxonada yaratilgan sharoitlar va zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishdi. Mazkur loyiha to‘g‘ridan- to‘g‘ri xorijiy mablag‘lar hisobidan amalga oshirilib, unga 57,5 million AQSH dollari yo‘naltirildi. Korxona tumanning Tut mahallasida 21 gektar maydonda barpo etildi.
Zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan sanoat majmuasi 485 nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlaydi. Bu esa aholi bandligini oshirish va hudud iqtisodiyoti rivojiga xizmat qiladi. Bu yerda yiliga 24 ming tonna yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari, mis trubkalari hamda izolyatsiyalangan mis shinalari ishlab chiqariladi. Mazkur mahsulotlar sanoat, energetika va qurilish tarmoqlarida keng qo‘llaniladi.

Muhimi, “Enco Group” kelgusida ichki bozor talabini qondirish bilan bir qatorda eksport hajmini kengaytirib, xalqaro bozorlarda ham o‘z o‘rnini mustahkamlashni maqsad qilgan. Zamonaviy texnologiyalar va yuqori sifat standartlari korxonaning raqobatbardoshligini ta’minlaydi.
A.Musayev, O‘zA