Ohangaronda yangi zavod ish boshladi
Ohangaron tumani “Qiziloy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod ish boshladi.
Tantanali tadbirda Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Abdurasul Abdullayev, tuman hokimligi mas’ullari, soha mutaxassislari va hudud faollari qatnashdi.

Ta’kidlanganidek, oxirgi paytlarda Ohangaronda amalga oshirilayotgan yangi sanoat loyihalariga xorijlik investorlarning qiziqishi katta bo‘lmoqda. Xitoylik tadbirkorlar bu borada alohida faollik ko‘rsatmoqda. Tadbirda Zoir Mirzayevning xitoylik hamkorlarga yo‘llagan tashakkurnoma va tabrigini o‘qib eshittirildi.

Mazkur loyiha uchun 34,2 gektar, maxsus karer uchun esa 183,3 gektar yer maydoni ajratilgan. Uning umumiy qiymati 320 million dollarga teng. Bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotning 30 foizi eksportga mo‘ljallangan. Kuniga 6 ming 300 tonna klinker sement ishlab chiqariladi. Ayni paytda 300 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Xorijiy hamkor Xitoy davlatining «Anhui Conch Group Co.Ltd” kompaniyasi hisoblanib, butun dunyo bo‘ylab 500 dan ortiq sho‘’ba korxonalari mavjud. Tadbir ishtirokchilari korxona faoliyati bilan tanishdi va ishchilar bilan suhbatlashdi.
A.Musayev, O‘zA.