Ohangaronda Olimpiya markazi barpo etiladi
Sport vazirligida Ohangaron tumanida barpo etilayotgan sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun mo‘ljallangan Olimpiya tayyorlash markazining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot davomida so‘nggi to‘rt yil davomida Davlat dasturlari ijrosi doirasida mamlakatimizda sport infratuzilmalarini yaratish va yaxshilashga oid amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
Loyihalarning bugungi kundagi holati va samarali foydalanishni tashkil etish ishlari tahlil qilinib, mazkur masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar yuklatildi.

Muhokamalar jarayonida sport vaziri A.Ikromov Toshkent viloyati Ohangaron tumanida barpo etilayotgan sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun xalqaro standartlarga javob beradigan Olimpiya tayyorlash markazining loyiha konsepsiyasi bilan tanishdi.
Barpo etilayotgan kompleks qurilishida zamonaviy ekologik materiallar, yengil konstruksiyalardan foydalanish hamda yashil iqtisodiyot tamoyillariga e’tibor qaratish lozimligi, shuningdek o‘quv-mashg‘ulotlar va sport tadbirlari o‘tkazilishini inobatga olgan holda para sportchilar uchun ham zarur sharoitlar yaratish lozimligi ta’kidlanib, mutaxassislarga tavsiyalar berildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA