O‘g‘rilik jinoyati qotillik bilan tugadi
Bir jinoyat ikkinchi bir og‘irroq jinoyatni keltirib chiqarishi mumkin. Buning uchun sabab yoki bahona ham topiladi, albatta.
Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida sodir bo‘lgan mudhish qotillik jinoyatiga ham o‘g‘rilik sabab bo‘ldi. Mahalladoshining tilla taqinchoqlari, ko‘p miqdordagi pul va moddiy boyliklarini o‘marishni maqsad qilgan shaxs bir begunoh ayolning o‘limiga sabab bo‘ldi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati Guliston shahar sudida ushbu jinoyat ishi ko‘rib chiqildi va sud hukmi o‘qildi. Sudlanuvchi sardobalik bo‘lib, muqim ish joyiga, kasb yoki hunarga ega emas. Ichkilikka ruju qo‘ygan bu yigit o‘g‘rilikni odat qildi. Eng avvalo mahalladoshlarini tunashni rejalashtirdi.
O‘ziga to‘q xonadonlardan bir nechtasini ko‘z ostiga olib, dastlabki qilmishini mahalladoshi Gulchehraning uyidan boshladi. Tunda hamma shirin uyquga ketgan vaqt u "ov"ga chiqdi va mo‘ljalidagi uyning derazasidan ichkariga kirdi. Uxlab yotgan Gulchehraning bo‘ynidagi tilla taqinchoq uning ko‘ziga chiroyli ko‘rindi. Taqinchoqni yechib olayotgan vaqtida ayol uyg‘onib ketdi-yu, pichoq tig‘i tanasiga sanchilgach, kuchli og‘riqdan hushini yo‘qotdi. Qotil o‘g‘ri unga ko‘p marotaba o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan zarba berdi. Oqibatda Gulchehra shu joyning o‘zida olgan tan jarohatlari sabab vafot etdi. O‘g‘ri voqea joyidan qochishga ulgurdi. Lekin uzoqqa borolmadi.
Mazkur jinoyat ishida sudya M.Omonov to‘plangan dalillar, sudga oid ekspertiza xulosalari va guvohlarning ko‘rsatuvlarini o‘rganar ekan, sudlanuvchining aybiga iqrorlik so‘zini ham eshitdi. Mavjud dalillar B.T.ning aybdor ekanligini to‘liq isvvbotladi. Sud majlisida mazkur jinoyatning sabablari va keltirib chiqqan omillari ham muhokama qilindi. Nihoyat sud mazkur jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy hukmni e’lon qildi. Sudlanuvchiga 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. O‘z umrining qadriga yetmagan odam boshqaning hayotini qadrlarmidi? U endi 20 yil qilgan qilmishini panjara ortida sarhisob qiladi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA