O‘g‘irlangan quvurlar savdo do‘konidan topildi
Gazlida «Uchqir» konidan tabiiy gaz va mash’ala quvurlari o‘g‘irlangani aniqlandi, deb xabar berdi «O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati.
«O‘zbekneftgaz» AJ Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Uchqir» konidan tabiiy gaz va mash’ala quvurlari o‘g‘irlab ketildi.
«Uchqir» konidagi 214-sonli tabiiy gaz qudug‘ining «uzel zadavka» qismida hamda mash’ala (fakel) quvurlarini o‘g‘irlangani aniqlangach, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv ishlari amalga oshirildi.
Hamkorlikda olib borilgan tadbir natijasida quvurlar shu hududda joylashgan savdo do‘konidan topilgan.
Savdo do‘koni egalari ushbu quvurlar go‘yoki qarz evaziga olib kelib berilgani va keltirganlarning shaxsi noma’lum ekanini bildirgan.
Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Uchqir» konidagi 214-sonli quduqdan o‘g‘irlab ketilgan quvurlarning jami uzunligi 170 metrni tashkil qiladi.
Holat yuzasidan aniqlangan ashyoviy dalillar va to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.
O‘zA