“Og‘ir” hududdan obod go‘shaga aylangan mahallada Navro‘z
Jizzax viloyati Forish tumanidagi “Oqtom” mahalla fuqarolar yig‘inida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari asosida mahalla infratuzilmasini yaxshilash, obod va ko‘rkam maskanga aylantirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, aholi bandligini ta’minlash, umuman mahallani og‘ir hudud toifasidan chiqarish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Oqtom mahallasi aholisi xalqimizning eng suyukli bayramlaridan bo‘lgan Navro‘zni ko‘tarinki ruh va xush kayfiyat bilan kutib olmoqda. Chunki kechagina qishda loy, yozda chang-tuproq ko‘chalarga bugun shag‘al yotqizilib tekislandi, nurab, qiyshayib qolgan loy chordevorlar buzilib, zamonaviy g‘ishtlardan devoru binolar rostlandi, aholi tomorqalarida yer haydalib, daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi, qabristonu ko‘chalar tozalanib, obod maskanga aylantirildi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi doirasida mahallada oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, tomorqadan samarali foydalanish, mahalladagi oilalar daromadini oshirish maqsadida bank imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan 100 xonadonga 1 sotixdan, shuningdek, mahalla etagidagi bo‘sh yotgan zovurda 3 sotixdan 25 ta issiqxona qurib berildi.
Shuningdek, 100 oilaga parrandachilik, 30 oilaga bo‘rdoqichilik bilan shug‘ullanishi uchun ham uzoq muddatga imtiyozli bank kredit mablag‘lari ajratib berish ishlari davom etmoqda. Mahallada amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan barcha loyihalar ijrosi nihoyasiga yetgach, 700 nafar aholining bandligi to‘liq ta’minlanadi.
Shu o‘rinda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida aholi tomorqalariga 30 ming tup olcha daraxt ko‘chati ekilganini ham ta’kidlab o‘tish lozim.
Oqtomga kanal, ariq yoki irmoqdan oqova suv kelmaydi, shu bois hududdagi har bir xonadonda tomorqani sug‘orish uchun quduq qazib, suv chiqarilgan. Navro‘z bayrami arafasida bahorgi ekin-tikin ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
Mahalladagi yo‘llar sifatini yaxshilash, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, aholi va transport vositalari harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida 10 kilometr ichki yo‘llarda kengaytirish, qum-shag‘al to‘kib tekislash ishlari amalga oshirildi, 1,5 kilometr piyodalar yo‘lakchasiga qum-shag‘al yotqizilib, beton qilindi.
Elektr ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish, internet aloqasini yaxshilash maqsadida 90 ga yaqin temir-beton tayanch ustuni o‘rnatildi. SIP kabellari tortilib, 5 dona mavjud transformator qayta ta’mirlandi, 4 kilometrlik ichimlik suvi tarmog‘i rekonstruksiya qilindi.
Bulardan tashqari, mahalladagi 2 ta umumta’lim maktabi, 1 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 1 ta qishloq oilaviy shifokorlik punktida ham ta’mirlash ishlari Ramazon hayiti bayramiga qadar nihoyasiga yetkaziladi.
Bayram oldidan mahallada turli tadbirlar, xalq sayllari sport musobaqalari tashkil etilayapti. Jumladan, “Oqtom”liklar Navro‘z umumxalq bayrami oldidan “Sumalak sayli” tashkil etdi. Bir necha doshqozonlarda tayyorlangan milliy taomimiz sumalak – mahalladagi nuroniy, ehtiyojmand va boquvchisini yo‘qotgan xonadonlarga hamda hasharchilarga tarqatildi.
[gallery-22314]
Mahallada Navro‘z bayrami nishonlandi. Tadbir davomida varrak sayli, kurash, arqon tortish, futbol, voleybol musobaqalari o‘tkazildi. Qiz-juvonlar o‘lan, laparlar aytib, bahor va Navro‘zni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi, jozibali raqslar ijro etilib, kelin salom marosimlari, milliy xalq o‘yinlari namoyish etildi.
Muxtasar qilib aytganda, kechagina og‘ir hudud toifasida bo‘lgan “Oqtom” mahalla fuqarolar yig‘ini bugun har tomonlama ravnaq topgan obod, ko‘rkam mahallalar qatoriga qo‘shilib, aholi Navro‘z bayramini shodu xurramlik bilan qarshi olmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari