Og‘ir atletika: Xorij jamoalari O‘zbekistonga kelmoqda
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, kuni kecha yurtimizga og‘ir atletika bo‘yicha Latviya terma jamoasi a’zolari yetib keldi. Ular uch hafta mobaynida O‘zbekistonda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadi.
Shuningdek, joriy yil 5 sentyabrdan 15 nafar sportchi va murabbiylardan iborat Saudiya Arabistoni terma jamoasi ham O‘zbekistonga keladi hamda Latviya jamoasi bilan hamkorlikdagi mashg‘ulotlarga kirishadi.
Xorij jamoalari Toshkentdagi yig‘in jarayonida Akbar Jo‘rayev va Ruslan Nuriddinov yetakchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi bilan hamkorlikda qo‘shma mashg‘ulotlarda qatnashishni rejalashtirgan.
Jamoalarning Toshkent mashg‘ulotlaridan ko‘zlagan maqsadiga e’tibor qaratsak. Latviya og‘ir atletikachilari Toshkent yig‘ini orqali 2024 yilgi Parij olimpiadasining ilk reyting musobaqasi hisoblanadigan bu yilgi jahon chempionatida munosib natijaga erishishni ko‘zlamoqda. Mazkur chempionat joriy yilning 5-16 dekabr kunlari Kolumbiya davlatida o‘tkaziladi.

Saudiya jamoasi esa mamlakatimizda o‘tadigan mashg‘ulotlardan olgan bilim va ko‘nikmalari natijasida shu yilning 6-16 oktyabr kunlari Bahraynda bo‘ladigan qit’a chempionatida munosib qatnashishni maqsad qilgan.
Xorij jamoalarining mamlakatimizda mashg‘ulot o‘tashi, nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishi har tomonlama foydali. Bu, O‘zbekiston og‘ir atletika maktabining kuchli ekanligiga, yurtimiz tabiati, mashg‘ulot maydonchalari, majmualari xalqaro talablarga javob berishidan dalolat.

Oldinlari olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan xorijiy mamlakat jamoalari tayyorgarlikni uch haftalab O‘zbekistonda olib borarmidi? Yo‘q, albatta.
Keyingi 2-3 yil oralig‘ida vaziyat tubdan o‘zgardi. Boks, dzyudo, umuman yakka kurash sport turlarida chet mamlakat jamoalarining O‘zbekistonga tez-tez kelib-ketishi ortdi.
Bu, nimadan dalolat? Yevropaning ideal sport maydonlarida shug‘ullanib yurgan latviyaliklarning yoki arab sportchilarining O‘zbekistonga qiziqishi, e’tibori nimani hisobiga ro‘y bermoqda?

– Buning ortida mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati, buyuk o‘zgarishlar, keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekiston jahonda o‘z o‘rnini topib borayotganligi mujassam. Qolaversa, bugun iftixor bilan aytish joiz, yurtimiz sportchilari o‘z yutuqlari bilan jahon atletlari orasida salohiyatini, kuch-qudratini namoyish etdi. Avvallari biz chet mamlakat sport federatsiyalariga taklif bilan chiqar edik. Sizning davlatingizga borsak, sizlar bilan shug‘ullansak, qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazsak bo‘ladimi, degan ma’noda. Bugun vaziyat tubdan o‘zgardi. Endi ular bizga murojaat qilishmoqda. Shu o‘rinda aytishim kerakki, keyingi 3-4 yil oralig‘ida birgina og‘ir atletika sport turi bo‘yicha mamlakatimizda yangicha infratuzilma yaratildi. Terma jamoa a’zolarigina emas, chekka-chekka hududlardagi sport majmualarida shug‘ullanayotgan yoshlar ham zamonaviy sport jihozlariga, inventarlarga ega bo‘ldi. Shunday bo‘lgandan keyin har qanday xorij jamoasi o‘zbekistonliklar bilan shug‘ullanishni, hamkorlik qilishni hohlaydi-da. Ammo, xorij jamoalarning e’tibori yuksakligini ta’kidlagan holda mamlakatimizning ayrim joylarida, xususan olimpiya o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionlari yetishib chiqqan ba’zi maskanlardagi mavjud sport infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qilinishi zarur bo‘lgan ishlar ham yo‘q emas. Hozirda Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bu borada zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, — deydi O‘zbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov.

Darhaqiqat shunday. Mamlakatimizda “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli rivojlanish tamoyillari sababli bugun yutuqlar yuz ochmoqda. Jahon sport maydonlarida qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar tufayli xorijlik sportchilarda ham O‘zbekistonga qiziqish, e’tibor ortib bormoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA