Og‘ir atletika: xorazmlik yosh sportchi O‘zbekiston rekordini o‘rnatdi
Poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida og‘ir atletika bo‘yicha davom etayotgan O‘zbekiston kubogi bahslarining ortda qolgan kunida yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston rekordi o‘rnatildi.
Musobaqaning uchinchi kungi bahslarida sportchilar g‘oliblik uchun bor mahoratini ishga solib, murosasiz bellashuvlarda kuch sinashdi.
Xususan, -70 kg. vazn toifasida Xorazm viloyati vakili Dastonbek Azimboyev dast ko‘tarishda 127 kg., siltab ko‘tarishda 154 kg. natija qayd etdi. Ikki kurash yakuniga ko‘ra, Dastonbek Azimboyev 281 kilogramm ko‘rsatkich qayd etgan holda yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston rekordini yangiladi.

Bugun, 12-sentabr kuni mamlakat kubogining to‘rtinchi kungi musobaqalari ostonasida yoshlar o‘rtasida Qarshi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi 4 ta oltin va 2 ta kumush, jami 6 ta medal bilan umumjamoa hisobida yetakchilik qilmoqda.

Kattalar o‘rtasidagi bahslarda esa Surxondaryo viloyati og‘ir atletikachilari 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza, jami 5 ta medal bilan umumjamoada peshqadamlikni davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston kubogi joriy yil Xitoyning Ningbo shahrida o‘tadigan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga saralash musobaqasi hisoblanadi.
Bahslar 15-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA