Og‘ir atletika: Sarvarbek Zafarjonovning shiddati
Og‘ir atletika bo‘yicha poytaxtimizda davom etayotgan jahon chempionatining 13 dekabr kungi bahslari vakillarimiz uchun omadli o‘tdi.
Jahon chempionatining ertalabki dasturida umidli sportchimiz Otaxon Imamovning 89 kilogramm vazndagi «B» guruh bahslarida omadi chopmagan bo‘lsada, ilk bor qatnashgan kattalar o‘rtasidagi musobaqa taftidan bahra oldi. Bu, unga keyingi chempionatlarda qo‘l keladi, albatta.
E’tiborlisi, ushbu vaznda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Sarvarbek Zafarjonov musobaqaning bugungi kuni o‘zbekistonliklar uchun quruq o‘tmasligini ta’minladi. Hamyurtimiz dast ko‘tarishda 166 kilogramm toshni ko‘tardi. Siltab ko‘tarish dasturida 205 kilogramm natija qayd etib, umumiy hisobda 371 kilogramm natija bilan musobaqaning kumush medaliga ega chiqdi.
Musobaqa davomida Zafarjonovning 371 kilogramm natijasini birinchi bo‘lib qayd etgan koreyalik Dongju Yu ushbu vaznda oltin medalni qo‘lga kiritdi. E’tirof etish lozimki, Sarvarbek o‘z shiddati, mahorati va matonati bilan 86-jahon chempionatining kashfiyoti bo‘ldi. Zero, kattalar o‘rtasidagi tarixiy chempionat supasiga dastlabki qadamidanoq, dunyoning eng kuchlilari bilan tengma-teng bahslashishi hamda sovrinli o‘rinni egallashi, o‘zbek og‘ir atletikasining yana bir yorqin vakili dunyo og‘ir atletikasida ko‘rinish berganligidan nishona.
Jahon chempionatining ertaga, 14 dekabrda o‘tadigan bahslarida ayollar 81 kilogramm og‘irlikda saralash va 76 kilogrammda medallar uchun bahslashadi. Erkaklar esa 96 kilogramm og‘irlikda 2021 yilning eng kuchli og‘ir atletikachilarini aniqlaydi.
Ertangi bahslarda O‘zbekiston terma jamoasining 18 yoshli a’zosi Xojiakbar Olimov 96 kilogramm og‘irlikda bahslarga kirishadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA