Odil sudlov – inson qadri va adolat mezoni
Har qanday davlatning demokratik taraqqiyoti, avvalo, qonun ustuvorligi va inson huquqlarining qay darajada ta’minlangani bilan belgilanadi. Qonun inson manfaatiga xizmat qilsa, fuqaro o‘z huquqi va erkinliklari davlat tomonidan ishonchli himoya qilinayotganini his etsa, jamiyatda adolat va barqarorlik muhiti mustahkamlanadi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda sud-huquq tizimini isloh qilish, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, inson huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida ahamiyatga ega.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning sud tizimi rahbarlari bilan o‘tkazgan navbatdagi uchrashuvida ham ana shu jarayonning bugungi holati, erishilgan natijalar va oldinda turgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Muloqotda sudlar faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirishga qaratilgan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi loyihasi taqdim etildi.

Ushbu strategiya mamlakatimizda sud-huquq islohotlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, sudni xalqqa yanada yaqinlashtirish, inson huquqlarini ishonchli himoya qilish va odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Eng muhimi, yangi yondashuvda sud-huquq islohotlarining natijasi faqat yangi qonunlar, tashkiliy o‘zgarishlar yoki raqamli platformalar bilan emas, balki inson hayotidagi amaliy o‘zgarishlar bilan baholanishi lozimligiga urg‘u berilmoqda. Ya’ni fuqaro sudga murojaat qilganda ortiqcha ovora bo‘lmasligi, buzilgan huquqi o‘z vaqtida tiklanishi, sud qarori qonuniy, asosli va adolatli ekaniga ishonch hosil qilishi kerak.
Shu bois “Odil sudlov – 2030” strategiyasida sudlarni xalqqa yaqinlashtirish, murojaat qilish jarayonini soddalashtirish va fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda.
Strategiya aholining takliflari, olimlar, amaliyotchi yuristlar va advokatlar bilan muloqotlar, sud amaliyoti tahlili hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan. Unda 57 ta vazifa, 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturida 160 ta aniq chora-tadbir va 2030-yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta maqsad belgilab qo‘yilgan. Ularning barchasini birlashtirib turgan asosiy g‘oya esa – inson huquqlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish va sudga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashdir.
Strategiyada sud tizimini isloh qilishning “xalqchil sud”, “adolat qo‘rg‘oni”, “kafolatlangan adolat”, “adolat posbonlari”, “raqamli odil sudlov” va “xalqaro e’tirof” kabi ustuvor yo‘nalishlari belgilangani ham bejiz emas. Bu tushunchalar zamirida bir-biri bilan uzviy bog‘liq maqsad mujassam: sud inson huquqlarini himoya qiladigan, adolat qaror topadigan, har qanday tashqi ta’sirdan xoli va zamonaviy texnologiyalarga asoslangan tizim bo‘lishi kerak.
Shu bilan birga, sud himoyasi har bir inson uchun birdek ochiq va qulay bo‘lishi kerak. Ayniqsa, chekka hududlarda yashayotgan fuqarolar uchun bu masala alohida ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda 2027–2030-yillarda aholi soni, sudga kelib tushayotgan ishlar hajmi, sudyalarning ish yuklamasi, hududiy xususiyatlar va odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlaridan kelib chiqib, barcha hududlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarini bosqichma-bosqich tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Bu tashabbusning ijtimoiy ahamiyati juda katta. Chunki fuqarolik sudlarida ko‘riladigan ishlar odamlarning kundalik hayoti bilan bevosita bog‘liq. Oilaviy nizolar, mulkiy masalalar, meros, uy-joy, mehnat munosabatlari va boshqa ko‘plab hayotiy masalalar aynan shu sudlar vakolatiga taalluqli. Demak, fuqarolik sudlarining aholiga yaqinlashishi — adolatning ham insonga yaqinlashishidir.
Yana bir muhim yangilik – sudlarda “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish ofislarini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yishdir. Bunda fuqaro zarur axborotni bir joyning o‘zida oladi, protsessual murojaatlarini topshirishda tashkiliy yordamga ega bo‘ladi, raqamli sud xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
E’tiborlisi, sudga berilgan ariza boshqa sudning sudloviga tegishli bo‘lsa, uni fuqaroga qaytarish amaliyotidan voz kechilib, arizani sudning o‘zi tegishli sudga yuborishi belgilanmoqda. Arizada juz’iy, ya’ni formal kamchilik mavjud bo‘lsa ham, fuqaroning murojaatini qaytarib yuborish o‘rniga, uni bartaraf etishda sudning o‘zi faol ko‘maklashadi. Bu yondashuv sudning vazifasi faqat nizoni hal qilish emas, balki fuqaroning odil sudlovga erishishini ta’minlashdan iborat ekanini yana bir bor namoyon etadi.
Adolatli sudlovning muhim shartlaridan yana biri bu – sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqishning xolisligi va samaradorligidir. Shu maqsadda 2027-yil 1-iyuldan umumyurisdiksiya va ma’muriy sud yo‘nalishlarida ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan hududlararo sudlar tashkil etiladi. Jami 319 ta boshqaruv xodimi shtat birligidan iborat ushbu sudlarning yurisdiksiya hududi bir nechta ma’muriy-hududiy birliklarni qamrab oladi. Yangi tartibga ko‘ra, viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlanadi, taftish instansiyasining vakolatlari esa hududlararo sudlarga beriladi. Buning natijasida bir sudning o‘z qarorini o‘zi qayta ko‘rib chiqishi bilan bog‘liq amaliyotga chek qo‘yiladi.
Shuningdek, Strategiyada jinoyat protsessi sudga qadar bo‘lgan bosqichda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 2027-yil 1-iyuldan “asosli gumon” — Prima Facie xalqaro standartiga muvofiq tergov sudyasining vakolatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda.
Bunga ko‘ra, tergov sudyasi protsessual majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, gumon qilish yoki ayblov e’lon qilish uchun asoslar yetarliligini tekshiradi. Zarur hollarda qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu mexanizm inson huquqlarini sud orqali himoya qilishning yana bir muhim kafolati bo‘ladi. Zero, shaxsning erkinligini cheklash — nihoyatda jiddiy masala. Shuning uchun bunday qarorlar yetarli huquqiy asoslarga tayanishi, sud nazoratidan o‘tishi va asossiz cheklovlarga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
Bugun raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha sohalariga kirib borayotgan bir sharoitda sud tizimi ham bu jarayondan chetda qolishi mumkin emas. “Odil sudlov – 2030” strategiyasida “raqamli odil sudlov” alohida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani ana shu ehtiyojning mantiqiy natijasidir. Oliy sudning interaktiv xizmatlar portali — my.sud.uz takomillashtiriladi. Portalning yangilangan mobil ilovasi ishga tushiriladi, “Sudga murojaat namunalari” interaktiv xizmati rivojlantiriladi. Bu fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga sudga murojaat qilishni yanada osonlashtiradi.
Xulosa qilib aytganda, “Odil sudlov – 2030” strategiyasi mamlakatimizda sud-huquq islohotlarini mazmunan yangi bosqichga olib chiqib, sudni insonga yanada yaqinlashtirish, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, sud qarorlarining xolisligi va qonuniyligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda sud tizimida ochiqlik va raqamlashtirishni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Zero, islohotlarning haqiqiy samarasi yangi institutlar yoki qabul qilingan hujjatlar soni bilan emas, balki har bir fuqaroning o‘z huquqi va qonuniy manfaatlari sud orqali ishonchli himoya qilinayotganini his etishi, sudga murojaat qilishda ortiqcha ovoragarchilik va byurokratik to‘siqlarga duch kelmasligi, eng muhimi, adolat qaror topishiga qat’iy ishonch hosil qilishi bilan belgilanadi.
Muharram DADAXO‘JAEVA,
“Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi raisi.
O‘zA