Odil sudlov akademiyasida yangi o‘quv yili boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasida kasbiy qayta tayyorlash kurslari hamda magistraturaga qabul qilingan tinglovchilar uchun yangi o‘quv jarayonining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir sud-huquq sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, sudyalik lavozimiga nomzodlarni kasbiy jihatdan shakllantirish hamda sud kadrlarini tayyorlash tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Joriy o‘quv yilida Akademiya magistratura dasturiga 61 nafar magistrant qabul qilindi. Ularning 21 nafari kunduzgi, 40 nafari esa kechki ta’lim shaklida tahsil oladi.
E’tiborli jihati, kechki ta’lim shakli bo‘yicha magistraturaga qabul Akademiya tarixida ilk bor amalga oshirildi. Mazkur ta’lim shakli sud-huquq sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarga mehnat faoliyatini davom ettirgan holda magistraturada tahsil olish imkonini beradi.
Yangi ta’lim mexanizmi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar asosida sud kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan.
Aytib o‘tish kerakki, 2026/2027 o‘quv yili uchun Akademiyaning kasbiy qayta tayyorlash kurslariga fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va ma’muriy sud ixtisosliklari bo‘yicha sudyalik lavozimiga nomzodlardan hujjatlar qabul qilingan. Qabul jarayonida jami 849 nafar nomzoddan ariza kelib tushgan. Shundan 452 nafari jinoyat huquqi, 203 nafari fuqarolik huquqi, 103 nafari iqtisodiy huquq va 91 nafari ma’muriy huquq yo‘nalishlari bo‘yicha hujjat topshirgan. Jami arizalarning 146 tasi, ya’ni 17,2 foizi xotin-qizlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Nomzodlarning benuqson obro‘-e’tibori, halolligi, layoqatliligi va kasbga munosibligi belgilangan tartibda o‘rganilib, 340 nafar nomzodga kirish sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilgan.
Kirish sinovlari to‘rt bosqichda o‘tkazilib, nomzodlar psixologik test, yakka tartibdagi suhbat, chet tili va sud ixtisosligi bo‘yicha test sinovlari hamda huquqiy mavzudagi insho topshirgan.
Sinovlar yakuniga ko‘ra, belgilangan umumiy va qo‘shimcha kvotalar asosida 112 nafar nomzod kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilingan.
Tinglovchilarning 40 nafari jinoyat huquqi, 33 nafari fuqarolik huquqi, 23 nafari iqtisodiy huquq va 16 nafari ma’muriy huquq ixtisosligi bo‘yicha tahsil oladi.
Kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul uchun ajratilgan kvotalar tarkibida umumiy, xotin-qizlar uchun qo‘shimcha hamda hududiy kvotalar ham nazarda tutilgan.
Tantanali tadbirda Akademiya rahbariyati, sud-huquq sohasi vakillari, hamkor tashkilotlar, professor-o‘qituvchilar hamda magistratura va kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilingan tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida yangi o‘quv yilining rasmiy ochilishi munosabati bilan tabrik so‘zlari bildirilib, so‘z olganlar tinglovchilarga o‘quv jarayoni va kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.
Yangi tinglovchilarga Akademiyadagi ta’lim jarayoni, o‘quv dasturlari, o‘qish tartibi hamda kasbiy rivojlanish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Tadbir doirasida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Akademiyada samarali va namunali faoliyat yuritib, ta’lim jarayonini rivojlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda tinglovchilarning kasbiy salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan professor-o‘qituvchilarni taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.
Odil sudlov akademiyasida yangi o‘quv yilining boshlanishi sud-huquq sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ta’lim jarayonini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish va sud amaliyoti bilan ta’lim o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
N.Abduraimova,
F.Abdurasulov (surat), O‘zA