“Odil sudlov - 2030”: Yangi o‘zbekistonda sud tizimi qanday o‘zgaradi?
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 14-avgustdagi «Odil sudlov - 2030»: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni sud tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim dasturiy hujjat bo‘ldi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi raisi G‘ayrat Ergashev farmonning ahamiyati va ijrosi bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Prezidentimizning yangi farmoni sud tizimini butunlay yangilash, uni odamlarga yaqinroq, tushunarliroq, tezroq va eng muhimi – adolatliroq qilishga qaratilgan.
Farmonga ko‘ra, sud islohoti oltita asosiy g‘oya – ya’ni “ustun”ga tayanadi. Jumladan, xalqchil sud – sudlar faoliyati butunlay ochiq bo‘ladi. Ya’ni sud jarayonlari haqidagi ma’lumotlarni olish osonlashadi. Sudlar byurokratiyadan xalos bo‘ladi va xalq ishonchini qozonadi. Buning amaliy ifodasi sifatida, 2030-yilgacha barcha sud binolarida “yagona darcha” xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Endi fuqaro sudga borganda birgina darcha orqali barcha savollariga javob topadi, hujjatlarini topshiradi va kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
Adolat qo‘rg‘oni – sudlar mustaqil bo‘ladi. Hech kim sudga bosim o‘tkaza olmaydi. Inson huquqlari birinchi o‘ringa qo‘yiladi. “Kafolatlangan adolat” – sud qarorlari qonuniy, adolatli va asosli bo‘ladi. Agar birovning huquqi buzilgan bo‘lsa, u sud orqali bu huquqni tiklashi uchun barcha sharoit yaratiladi. Misol uchun, da’vo arizasida kamchilik bo‘lsa, endi uni darrov qaytarib yuborilmaydi, balki sudning yordami bilan bu kamchilikni tuzatish imkoniyati beriladi.
Adolat posbonlari – sudyalar va sud xodimlari yuksak axloqiy va kasbiy fazilatlarga ega bo‘lgan, halol va adolatli insonlardan iborat bo‘ladi. Buning uchun odil sudlov tizimi uchun uzluksiz kadrlar tayyorlash zanjiri (Pipeline model) joriy etiladi.
Raqamli odil sudlov – sud ishlari butunlay raqamlashtiriladi. Odamlar uzoq vaqt sarflamasdan, qulay va tez sud muhokamasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Sud ish yurituvida qog‘oz shaklidan voz kechilib, hujjat aylanmasi to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. my.sud.uz portalining yangi mobil ilovasi ishga tushirilib, sudga murojaat namunalari interaktiv tarzda taqdim etiladi.
Xalqaro e’tirof – O‘zbekiston sud tizimi ilg‘or xalqaro standartlarga moslashadi va bu mamlakatimizning dunyodagi obro‘sini oshiradi. Jumladan, 2025-yil 4-martda BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Sudyalar va sud xodimlari farovonligi xalqaro kuni” rezolyutsiyasidagi tavsiyalar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Farmon bilan birgalikda strategiyaning o‘zi, uni 2026-2028-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Harakatlar dasturi” va aniq maqsadlar ko‘rsatilgan ilovalar tasdiqlandi.
Ya’ni, endi bu ishlar faqat orzu emas, balki bosqichma-bosqich bajariladigan aniq rejadir. Sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish yangicha tartibda 2027-yil 1-iyuldan boshlab hududlararo sudlar ish boshlaydi. Bu sudlar bir nechta hududni qamrab oladi va ular taftish tartibidagi ishlarni ko‘rib chiqadi. Bunda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning ayrim vakolatlari tugatilib, ishni qayta ko‘rish tartibi soddalashtiriladi va tezlashadi.
Misol uchun, agar viloyat sudida ko‘rilgan ishdan norozi bo‘lsangiz, endi poytaxtga borib emas, balki sizga yaqin bo‘lgan hududlararo sudga murojaat qilishingiz mumkin. Bu vaqt va pulingizni tejaydi.
Shuningdek, Oliy sudga fuqarolarning sudga murojaat qilish imkoniyatlarini yanada kengaytiriladi. Ayniqsa, olis hududlarda yashovchilar uchun qulayliklar yaratiladi. Tergov surishturivida sud nazorati kuchayadi, ya’ni 2027-yil 1-iyuldan boshlab tergov sudyasi “asosli gumon” (Prima Facie) xalqaro standarti asosida ish yuritadi.
Endi sudyalar shaxsni ushlab turish va boshqa majburlov choralarini qo‘llashning qonuniyligini, gumonning asosliligini chuqur tekshiradi. Bundan tashqari, tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishga ham endi sud ruxsat beradi. Bu inson huquqlarini himoya qilishning muhim kafolatidir.
Oliy sud 2027-yil 1-avgustdan boshlab “Pretsedentlar” reyestrini yuritadi. Ya’ni barcha sud qarorlari ochiq e’lon qilinadi va yangilanib boriladi. Bu qonunlarning bir xil talqin qilinishiga va sud qarorlarining barqaror bo‘lishiga xizmat qiladi.
Sud qarorlarini ishlab chiqishda olimlar, mutaxassislar va fuqarolik jamiyati vakillari ham jalb qilinadi. Shu maqsadda ekspertlar kengashlari tashkil etiladi.
2030-yilga borib O‘zbekiston sud tizimi xalqning ishonchiga sazovor bo‘lgan, inson huquqlarini samarali himoya qiladigan, zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt asosida ishlaydigan, korrupsiyaga mutlaqo yo‘l qo‘ymaydigan, yuksak professionallik va ochiqlik namunasi bo‘lgan tizimga aylanadi.
Xulosa qilib aytganda, “Odil sudlov – 2030” strategiyasi sud tizimini butunlay yangi bosqichga ko‘taradi. Endi sud tez, qulay, shaffof, mustaqil va haqiqatda adolatli bo‘ladi. Endi har bir fuqaro – xoh Toshkentda, xoh olis qishloqda yashasin – sudga ishonch bilan murojaat qilib, huquqini himoya qildira oladi. Bu esa Yangi O‘zbekistonda haqiqiy adolatning qaror topishi yo‘lidagi eng muhim qadamlardandir.
Norgul Abduraimova, O‘zA