Odamlarning kayfiyati yaxshi bo‘lsa, jamiyat ham yuksaladi
Yashash tarzimiz ko‘ngildagidek kechishi bir qancha omillarga bog‘liq. Masalan, jismoniy tetiklik, ruhiy xotirjamlik va hokazolar. Shundagina kishi umrida ma’no tuyib yashaydi. Inson hayotida eng kerakli vositalardan biri bu shubhasiz samaradorlik.
Ya’ni, o‘tayotgan har bir vaqt kishi uchun unumli bo‘lishi lozim. Bunda esa kayfiyat g‘oyat ulkan ahamiyatga ega. Negaki, jismoniy va ruhiy muvozanatni me’yorda saqlovchi muhim vosita ham aynan kayfiyat.
Gulning ko‘rki uning ochilib turgani bo‘lganidek, inson ko‘rki ham uning kulgisi. Zero, Abu Ali Ibn Sino bemor kulayotgan lahzalarida yuz foiz sog‘lom odam holatida bo‘ladi, degan. Bu haqiqatni psixologlar ham tasdiqlaydi. Xususan, fransuz psixologlarining fikricha, kulgi organizmni yoshartiradi. U ichki sekretsiya bezlari faoliyatining yaxshilanishiga, bosh og‘rig‘i va charchashda, arterial bosimning maromida bo‘lishiga hamda yurakka ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shuning uchun ham xushchaqchaq insonlar kamroq kasal bo‘ladi. Qolaversa, ular uncha-munchaga tushkunlikka tushmaydi. Bizning xalqimiz so‘zga usta bo‘lib, hazil-mutoyibani hech kanda qilmaydigan xalq sanaladi. Zero, askiya janrining bizda yaxshi rivoj topgani ham buning isboti.
Umuman olganda, butun dunyo xalqlari kulib yashashni yoqlashadi va shunga intilishadi. Chunki kulgi jiddiy kasalliklarga qarshi tabiiy himoya vositasi hamdir. Ayniqsa, kulgining inson immunitet tizimiga bo‘lgan ta’siri ulkan. Buni hissiyotning immunitet tizimiga ta’sir etishini o‘rganuvchi soha asoschilaridan biri bo‘lgan nevropatolog Barri Bitman ham tasdiqlaydi. U o‘z ilmiy izlanishlarida buni ilmiy jihatdan isbotlaydi.
Xulosa qilib aytganda, inson hayotini go‘zallashtiruvchi ne’matlar ichra kulgining ham o‘rni beqiyos. Aslida ham samimiylikka hech narsa teng kelmaydi. Kulish, kuldirish har birimizga hamroh bo‘lsa, baxtlilar safi kengayadi. Odamlarning kayfiyati yaxshi bo‘lsa, jamiyat ham yuksaladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA