Odamlar, avaylang, bir-biringizni!
O‘zbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘zbekiston davlat Konservatoriyasi bilan hamkorlikda ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Shoir va dramaturg Jumaniyoz Jabborov 1930 yilda Qashqadaryo viloyatida dunyoga kelgan. Yarim asrlik ijodiy faoliyati davomida shoir o‘zining «Vatanimni kuylayman», «Bahor nafasi», «Maqsad yo‘lida», «Tog‘lar sadosi», «Ona yer qo‘shig‘i», «Subhidam xayollari», «E’tiqod» kabi she’riy kitoblari, shuningdek, boshqa dolzarb mavzularda yozgan dramatik asarlari, jahon mumtoz adabiyotining eng yaxshi badiiy tarjimalari bilan o‘zbek adabiyotidan munosib o‘rin egallagan.

Ayniqsa, Jumaniyoz Jabborov zamondoshlarimiz hayoti va mehnati haqidagi ko‘plab publitsistik maqolalar muallifi hamdir.
Jumaniyoz Jabborov mehnat faoliyatini 1953 yil «Sharq yulduzi» jurnalida bo‘lim mudirligidan boshlagan. «Gulxan» jurnalining bosh muharriri, «O‘zbekiston ovozi» gazetasining bosh muharrir o‘rinbosari, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti direktori kabi lavozimlarda ishlab, vatanimizning adabiyot va san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Davlatimiz tomonidan O‘zbekiston xalq shoir Jumaniyoz Jabborovning qilgan mehnatlari munosib baholanib kelindi. 1980 yil «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» unvoni bilan taqdirlandi.
Shoir ijodiga bo‘lgan ehtirom sifatida o‘tkazilgan mazkur tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov kirish so‘zi bilan ochdi. Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon shoirni xotirlar ekan, she’rlari ohang bilan tug‘ilganligi, bugungi kunda o‘zbek qo‘shiqchiligini boy merosiga aylanganini, vatanga muhabbat, g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘ota olishligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston davlat Konservatoriyasi professori, O‘zbekiston Respublikasi kompozitor va bastakorlari uyushmasi a’zosi Dilorom Omonullayeva, O‘zbekiston davlat Konservatoriyasi o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, O‘zbekiston Respublikasi kompozitor va bastakorlari uyushmasi a’zosi Avaz Mansurov shoir Jumaniyoz Jabborov bilan bo‘lgan ijodiy hamkorliklarini xotirlashdi.
Shoir Bayron, Lermontov, R.Tagor kabi jahon adabiyoti namoyandalarining ijodidan qilgan tarjimalari bilan o‘zbek adabiyoti xazinasiga munosib hissa qo‘shdi. Jumaniyoz Jabborov mohir va sermahsul tarjimon sifatida Abulqosim Firdavsiyning «Shohnoma» asarini o‘z ona tilida so‘zlatgan. U mohir shoir, hikoyanavis, ocherknavisgina emas, taniqli dramaturg sifatida ham barakali ijod qilib keldi. Ayniqsa, u yaratgan «O‘jarlar» (1971), «Yillar o‘tib» (1975), «To‘ydan oldin tomosha» (1979), «Mening oppoq kabutarim» kabi dramalari Toshkentda, qator viloyat teatrlarida, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalari sahnalarida qo‘yilib keldi.
Hilola Ibrohimova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi