Odam savdosi – davr muammosi
Buxoroda «Odam savdosiga qarshi kurashish masalalarida mahalliy tashkilotlarning salohiyatini oshirish» mavzusida odam savdosiga qarshi kurash hududiy komissiyalari uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Seminar Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi IIV, BMTning narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boshqarmasining (BMT NJQKB) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, AQSH Davlat departamentining Xalqaro narkotiklar nazorati va huquq-tartibot ishlari byurosi, Winrock International xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish institutining O‘zbekiston Respublikasidagi filiali hamda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Hozirgi kunda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan yangi qonun hujjatlarini amalda tatbiq qilish va kelgusida joylarda olib borilayotgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilib, bu borada ishtirokchilarning fikr-mulohazalari tinglandi.
Ikki kun davom etgan tadbirda huquqni muhofaza qilish va sud organlari xodimlaridan iborat guruhlar uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida odam savdosi va unga aloqador jinoyatlar ta’riflari, O‘zbekistonda odam savdosi bo‘yicha sud ishlarida zarur dalillar, odam savdosi to‘g‘risidagi qonun kabi mavzular muhokama qilindi.
So‘ng odam savdosi bo‘yicha Buxoro viloyat sudida amalga oshirilgan islohotlar muhokama qilindi. «Odam savdosi va unga aloqador jinoyatlar kvalifikatsiyasi» mavzusida amaliy dars va muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Britaniya xalqaro eksperti Vinsent Dinning «Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni ochish va tergov qilish bo‘yicha xorijiy tajriba» mavzusi asosida muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda odam savdosiga oid vaziyat aks etgan keyslar (muammoli vaziyat) yechimida, ishtirokchilarning o‘quv mashg‘ulotlarida, o‘z muassasalarida ishlash davomida olgan bilim va ko‘nikmalariga ekspertlarning xulosa va takliflari berildi.
[gallery-4769]
Seminar davomida odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish va odam savdosiga qarshi kurashishda nimalarga e’tibor qaratilishi haqida so‘z bordi.
Shuningdek, boshqa mamlakatlarda odam savdosi jabrlanuvchilarini aniqlash va ularni qayta yo‘naltirish mexanizmlari, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha mahalliy komissiyalarning roli, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni ochish va dalillarni yig‘ishda NNT roli mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Mazkur muammoni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA