OCHL Elit start oladi: “Neftchi” o‘z maydonida, “Paxtakor” esa Saudiya Arabistonida bahs olib boradi
Bugun, 14-sentabr kuni Osiyo Chempionlar ligasi Elit musobaqasining 2026/27-yilgi mavsumi start oladi. O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan “Neftchi” va “Paxtakor” ilk turdayoq muhim uchrashuvlarda maydonga tushadi.
Farg‘onaning “Neftchi” klubi o‘z maydonida Iroqning “Al-Quva Al-Javiya” jamoasini qabul qiladi. “Istiqlol” stadionidagi uchrashuv Toshkent vaqti bilan 18:45 da boshlanadi.
“Neftchi” Superligada 21 turdan keyin 48 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Jamoa so‘nggi turda “Surxon”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Raqib “Al-Quva Al-Javiya” esa Iroq chempionatida 7 uchrashuvdan 7 ochko jamg‘argan. Bag‘dod klubi so‘nggi besh uchrashuvining faqat bittasida g‘alaba qozongan. Shu bois o‘z maydonida o‘ynaydigan “Neftchi” uchun turnirni uch ochko bilan boshlash imkoniyati yuqori.
Kunning ikkinchi o‘zbek klubi — “Paxtakor”ni esa ancha murakkab sinov kutmoqda. Toshkentliklar Jidda shahrida Saudiya Arabistonining amaldagi Osiyo chempionlaridan biri “Al-Ahli” mehmoni bo‘ladi. “Alinma Stadium”dagi bahs Toshkent vaqti bilan 23:15 da start oladi.
“Paxtakor” ushbu bahsga yaxshi kayfiyatda yetib keldi. Jamoa Superligadagi so‘nggi ikki uchrashuvida “Andijon”ni 3:0, OKMKni esa safarda 3:1 hisobida mag‘lub etdi. 21 turdan keyin 46 ochko bilan ikkinchi o‘rinda borayotgan toshkentliklar peshqadam “Neftchi”dan atigi ikki ochko ortda qolmoqda.
“Al-Ahli” esa turnirning eng kuchli jamoalaridan biri hisoblanadi va o‘z maydonida favorit sifatida ko‘rilmoqda. Shunga qaramay, Saudiya klubi yangi mavsumni u qadar barqaror boshlamagan. Bu “Paxtakor”ga Jiddada ijobiy natija uchun kurashish imkonini beradi. 18:45 — “Neftchi” — “Al-Quva Al-Javiya” 23:15 — “Al-Ahli” — “Paxtakor”
O‘zbek va jahon sportiga oid eng so‘nggi yangiliklar: @Uzasport