OCHL-2: “Andijon” Bahraynda o‘ynaydi
Futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasi-2 musobaqasining g‘arbiy mintaqasida to‘rtinchi tur uchrashuvlariga start berildi.
Musobaqaning “B” guruhida bugun, 5 noyabr kuni “Al-Xoldiya” – “Andijon”, “Arkadag‘” – “Al-Ahli” jamoalari to‘rtinchi tur doirasida o‘zaro raqobatlashadi. O‘zbek futbol ixlosmandlari uchun katta qiziqish uyg‘atayotgan “Al-Xoldiya” – “Andijon” jamoalari bahsi mamlakatimiz vaqti bilan 21:00 da Bahrayndagi “Milliy” stadionida boshlanadi.

Mazkur bahsga Chaye Sangxyop (Janubiy Koreya) bosh hakam etib tayinlandi. Unga qanotlarda hamyurtlari Pak Kyunyong, Jang Jongpil yordam beradigan bo‘ldi.
Ushbu uchrashuvda “Andijon” qizil, “Al-Xoldiya” esa sariq rangli futbol libosida maydonga tushadi.
Ma’lumot o‘rnida: OCHL-2 musobaqasining “B” guruhida “Al-Xoldiya” va “Al-Ahli” (1:2) jamoalari beshinchi tur uchrashuvini muddatidan oldin 29 oktyabr kuni o‘tkazgani bois, 26 noyabr kuni ushbu guruhda faqatgina “Andijon” hamda “Arkadag‘” klublari o‘rtasidagi to‘qnashuv tashkil etiladi.
Shu tariqa, to‘rtinchi tur oldidan ushbu guruhda “Al-Ahli” va “Al-Xoldiya” bittadan o‘yin ko‘p o‘tkazgan holda 6 hamda 5 ochko bilan 1-2 pog‘onalardan joy oldi. Zaxirasida bitta o‘yin bo‘lgan “Andijon” 3, “Arkadag‘” esa 2 ochko bilan 3-4 o‘rindan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA