“Ochiqlik indeksi”da 66 davlat organi “yashil” natijani qayd etdi
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov shu savolga javob berdi:
– Ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu bois, davlat boshqaruvida shaffoflik, ochiq muloqot va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ochiqlikka oid qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Xususan, ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati 43 taga yetkazildi. Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan idoraviy hujjatlarni qabul qilishda ochiqlikni ta’minlash tamoyiliga qat’iy rioya qilinishi ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatish mexanizmlari yanada takomillashtirildi.
2025-yilda Parlament palatalarining barcha majlislari va hududiy kengashlar tomonidan o‘tkazilgan 559 sessiya, shuningdek, ilmiy kengashlarning 2 ming 79 doktorlik ilmiy darajalari himoyasi jarayonlari telekanallar va Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatildi.
Davlat idoralari va tashkilotlarining ochiqlikka mas’ul bo‘lgan 146 nafar xodimining malakasini oshirish hamda ularga uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida xorijiy ekspertlar ishtirokida yettita o‘quv kursi tashkil etildi.
Agentlikning davlat xizmatchilarini onlayn rejimda o‘qitishga mo‘ljallangan “E-learning” elektron platformasidagi interaktiv modullar soni 14 taga yetkazildi. Mazkur platforma orqali davlat idoralarining 1 ming 320 nafar xodimi o‘qitilishi ta’minlanib, ularga maxsus sertifikatlar berildi.
Davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligi “Ochiqlik indeksi” asosida baholab kelinmoqda.
2025-yil yakunlari asosida o‘tkazilgan bu yilgi baholashda 97 vazirlik, idora, muassasa va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olindi. Baholash jarayoni 84 baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida amalga oshirildi.
Natijalarga ko‘ra, 66 davlat organi “yashil”, 22 tasi “sariq” va 9 tasi “qizil” samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etdi.
E’tiborli jihati, joriy yilgi baholashda o‘tgan yilga nisbatan “yashil” toifada baholangan idoralar soni 34 foizga ko‘paygan.
Ochiqlik bo‘yicha eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “O‘zbekgidroenergo” va “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatlari, Transport nazorati inspeksiyasi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Adliya vazirligi tomonidan qayd etildi.
Respublika darajasidagi tashkilotlardan O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, hududiy miqyosda esa Andijon viloyati va Toshkent shahar hokimliklari eng past ko‘rsatkichlarni qayd etib, “qizil” toifada baholandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash ishlari izchil davom ettiriladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA