Ochiq muloqot ijtimoiy masalalar yechimiga xizmat qilmoqda
Toshkent tumanidagi Madaniyat markazida Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova boshchiligida xotin-qizlar uchun sayyor qabul tashkil etildi.
Unda hudud xotin-qizlari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, murojaatlari, taklif va mulohazalari atroflicha o‘rganildi. Ayniqsa, aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, bandlikni ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda qayd etilganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash, ularning bilim olishi, kasb egallashi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu borada davlat tomonidan qabul qilinayotgan dasturlar va amalga oshirilayotgan loyihalar muhim ahamiyat kasb etyapti.
Sayyor qabul jarayonida 20 nafardan ziyod xotin-qizlarning murojaatlari tinglandi. Xususan, ish bilan ta’minlash, imtiyozli kredit olish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish, moddiy yordam olish hamda ijtimoiy himoya masalalari asosiy o‘rinni egalladi.

Har bir murojaat mas’ul tashkilotlar va mutasaddilar ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, muammolarning yechimini topish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Ayrim masalalar shu joyning o‘zida ijobiy hal qilindi. Qo‘shimcha o‘rganish va muayyan vaqt talab qiladigan murojaatlar esa tegishli tashkilotlar nazoratiga olinib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Qabulda Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari N. Normirzayeva, Kasaba uyushmalari viloyat kengashi raisi Sayyora Fayziyeva hamda Respublika kasaba uyushmalari federatsiyasining mas’ul vakili To‘xta Bozorov ishtirok etib, murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida faol qatnashdi. Shuningdek, jarayonga viloyat ichki ishlar boshqarmasi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, adliya organlari, bank muassasalari, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari, "Hunarmand" uyushmasi, Kasb-hunar agentligi hamda ularning tuman bo‘linmalari rahbarlari ham jalb etildi. Bu esa murojaatlarni kompleks tarzda ko‘rib chiqish va ularning yechimini tezkor ta’minlash imkonini berdi.

Ta’kidlanganidek, bunday sayyor qabullar aholi bilan muloqotni yanada mustahkamlash, fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini oshirish hamda odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Muhimi, har bir murojaat ortida inson taqdiri turgani inobatga olinib, ularga befarq bo‘lmaslik, muammolarni o‘z vaqtida hal etish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Sayyor qabul yakunlari bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga murojaatlar ijrosini qat’iy nazoratga olish, har bir masala yuzasidan aniq natijalarga erishish hamda xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
A. Musayev, O‘zA