“Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri doirasida sayyor qabul o‘tkazildi. Tadbirda viloyat prokuraturasi, jamoat tashkilotlari vakillari, kasaba faollari, filial professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdilar.
Federatsiya raisi o‘rinbosari Qobiljon Qirg‘izaliyev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi tarixiy bosqichdagi o‘zgarishlar hamda mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlarning dardini o‘ylab yashash va elga naf keltirish yo‘lida xizmat qilish — oliy baxtdir.


Muloqot jarayonida ishtirokchilar normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash, mehnat muhofazasi, ish joylarida baxtsiz hodisalarning oldini olish, ish vaqti rejimi, ishchilarni maxsus kiyim-kechaklar bilan ta’minlash, shuningdek, Mehnat kodeksiga kiritilgan yangiliklar haqida savollar berdilar. Federatsiyaning huquqiy bo‘limi mudiri Hamidulla Pirimqulov barcha savollarga atroflicha va asosli javob qaytardi. Ayrim masalalar esa shu yerning o‘zida hal qilindi.
Tadbir xayrli amallar bilan yakunlandi: bir guruh kasaba faollariga kitoblar taqdim etildi va o‘quv dargohi hududiga ko‘chatlar o‘tqazildi. Bu ishlar “yashil makon” tashabbusini qo‘llab-quvvatlash va ta’lim muhitini yanada yaxshilashga xizmat qildi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri